Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi Rossiya xavfsizligiga tahdid – Putin

Olam

image

Ukrainaning Shimoliy Atlantika ittifoqi (NATO)ga a’zo bo‘lishi Rossiya xavfsizligiga tahdid tug‘diradi, “maxsus harbiy operatsiya” boshlanishining sabablaridan biri Ukrainaning NATOga kirishi tahdididir. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Rossiya-24” telekanalida aytib o‘tdi. 

“Ukrainaning NATOga a’zoligiga kelsak, biz bu Rossiya xavfsizligiga tahdid solayotganini bir necha bor aytganmiz, shubhasiz. Va, aslida, “maxsus harbiy operatsiya”ning sabablaridan biri Ukrainaning NATOga qo‘shilish tahdididir”, deydi Putin. 

Putinga ko‘ra, NATOga a’zolik Ukraina uchun xavfsizlik kafolati emas, aksincha, dunyoni yanada zaifroq qiladi va xalqaro maydonda qo‘shimcha keskinlikka olib keladi.

Davlat rahbari Kiyevga qurol yetkazib berish haqida gapirar ekan, Rossiya uzoq masofali raketalar yetkazib berishga qanchalar umid bog‘langanini ko‘rib turganini aytdi.  

“Ha, ular (berilgan raketalar – tahr.) zarar yetkazadi, ammo bu raketalardan foydalanish bilan jangovar zonada hech qanday muhim narsa sodir bo‘lmaydi”, deydi u. 

Rossiya rahbarining qayd etishicha, 4 iyundan beri rus harbiylari Ukraina Qurolli kuchlarining 311 ta tankini yo‘q qildi va bu harbiy texnikaning kamida uchdan bir qismi G‘arbda ishlab chiqarilgan. 

“Faqat 4 iyundan kechagi oqshomgacha 311 ta tank yo‘q qilindi, ularning salmoqli qismi, menimcha, kamida uchdan bir qismi G‘arbda ishlab chiqarilgan [uskunalar], jumladan, Leopard hamdir”, deydi davlat rahbari.

Ma’lumot uchun, 11 iyul kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg blok mamlakatlari Ukrainaning a’zo bo‘lish bo‘yicha harakat rejasini bekor qilishga qaror qilganini e’lon qilgan va barcha shartlar bajarilganda Kiyevni ittifoqqa taklif qilishga va’da bergan. Unga ko‘ra, Ukrainaning kirishi shartlarini alyansga a’zo davlatlar baholaydi. Shartlar haqida gapirar ekan, Stoltenberg Ukraina mudofaa va xavfsizlik institutlarini modernizatsiya va isloh qilishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, u NATO mamlakatlarning ittifoqqa qo‘shilish jarayonida hech qachon muddat belgilamasligini aytgan. 

Bundan tashqari, Stolenberg alyans Ukrainada urush davom etar ekan, uning ittifoqqa qo‘shilishi mumkin emasligini bir necha bor ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Vladimir Putin Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing