Ukrainaning hududiy yaxlitligi Turkiya uchun muhim – Erdo‘g‘an
Olam
−
19 fevral 2025 3987 2 daqiqa
Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti rasmiy Anqara uchun katta ahamiyatga ega. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar yakuni bo‘yicha bayonotida so‘z ochdi.
“Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suvereniteti biz uchun juda muhim. Biz doimo Turkiyaning bu masalaga nisbatan hurmatini ifoda etganmiz. Ushbu masalani barcha xalqaro uchrashuvlarda ko‘targanmiz va bunga hozir ham rioya qilmoqdamiz. Keyingi jarayonda ham biz uchun eng muhim masalalardan biri – Ukrainaning hududiy yaxlitligini ta’minlash bo‘ladi. Biz dunyoda hech kim mag‘lub bo‘lmasligini istaymiz”, deydi Turkiya yetakchisi.
Erdo‘g‘anga ko‘ra, gap tinchlikka imkon qadar tezroq erishish haqida ketmoqda. Shu ma’noda, Zelenskiy tinchlik tarafdori ekanini ochiq-oydin aytmoqda.
“Umid qilamanki, Turkiya Tashqi ishlar vazirining o‘z mavqedoshlari bilan uchrashuvlari, shuningdek, mening janob Putin bilan uchrashuvlarim davomida biz tinchlik yo‘lini ochamiz, zarur qadamlarni qo‘yamiz va bu yo‘lda harakat qilamiz”, deydi Turkiya rahbari.
Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar uchun Turkiya “ideal joy” bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 18 fevral kuni Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy Turkiyaga tashrif buyurib, mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgandi. Erdo‘g‘an Anqarada muzokaralar boshlanishidan avval ukrainalik mavqedoshini prezidentlik majmuasi kiraverishida kutib olgan. Shundan so‘ng, ikki davlat rahbarlari Turkiya va Ukraina davlat bayroqlari fonida esdalik suratga tushgan. Ular Ukraina inqirozidan tashqari, Anqara va Kiyev o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qadamlarni muhokama qilgan.
Shuningdek, Turkiyaning birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an ham rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Vladimir Zelenskiyning turmush o‘rtog‘i Yelena Zelenskaya bilan uchrashgan. Davlat rahbarlarining rafiqalari Ukrainaning Odessa shahridagi 3-sonli ixtisoslashtirilgan psixonevrologik bolalar uyidan 34 nafar nogironligi bo‘lgan yetim bolani Anqaradagi “Sonechko” uyiga evakuatsiya qilishda ishtirok etgan.
Live
Barchasi