Ukrainaga NATOdagi kabi xavfsizlik kafolatlari berilishi mumkin
Olam
−
16 avgust 2025 4524 2 daqiqa
AQSH va Yevropa mamlakatlari Ukrainaga NATO Nizomining 5-moddasida nazarda tutilgan jamoaviy mudofaa tamoyili asosida xavfsizlik kafolatlarini berish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni bugun, 16 avgustda Alyaskada bo‘lib o‘tgan sammit yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan bayonotida ma’lum qildi.
Xuddi shu kuni Donald Tramp Alyaskada Vladimir Putin bilan uchrashuvidan keyin Yevropa yetakchilariga uchrashuv natijalari haqida ma’lumot berganini aytdi. U aniq qaysi yetakchilarni nazarda tutganini yoki ular orasida Meloni bor-yo‘qligini ochiqlamagan. Bir soatcha o‘tgach, Yevropa mamlakatlari yetakchilari, jumladan Italiya Bosh vaziri, sammit yakunlari bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya chiqardi.
Alyaskadagi sammit haqidagi alohida bayonotida Meloni shunday dedi:
“Prezident Tramp bugun NATO Nizomining 5-moddasidan ilhomlangan, Italiya tomonidan taklif etilgan xavfsizlik kafolatlari g‘oyasini yana bir bor tilga oldi.
Taklifning bosh nuqtasi – jamoaviy xavfsizlik qoidasini belgilashdir. Bu Ukrainaga AQSHni ham o‘z ichiga olgan barcha sheriklarining qo‘llab-quvvatlashidan foydalanish imkonini beradi. Agar yana yangi hujum bo‘lsa, ular harakat qilishga tayyor bo‘ladi.
Asosiy masala – Rossiyaning yangi bosqinini oldini olishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlaridir. Ana shu jihatda Ankorijdagi uchrashuvda eng qiziq yangiliklar qayd etildi. Faqat barqaror va ishonchli kafolatlargina yangi urushlar va tajovuzlarni to‘xtata oladi.
Yevropa davlatlari bu muzokaralar bosqichida Ukrainaga yordamda birdam bo‘lib qolmoqda. Tinchlik yo‘li oson emas, ammo uning boshlanishi muhim”.
Bugun, 16 avgust kuni AFP va “Reuters” agentliklari Ukraina diplomatik manbalariga tayanib xabar berishicha, Kiyev Vashingtondan NATOga a’zo bo‘lmagan holda, undagi kabi xavfsizlik kafolatlari haqida taklif olgan.
“Ukraina xavfsizligi uchun kafolatlardan biri sifatida amerikaliklar NATO Nizomining 5-moddasiga o‘xshash, ammo NATOdan tashqari kafolat taklif qilgan”, dedi AFP manbalarida biri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu taklif “go‘yoki Putin bilan kelishilgan”.
“Biroq hech kim bu qanday ishlashini, Putin nima uchun buga rozi bo‘lganini bilmaydi. Axir u NATOga keskin qarshi, qolaversa Ukraina suverenitetining har qanday samarali kafolatlariga ham qarshi”, dedi AFP’ning yana bir manbasi.
Vladimir Putin esa Alyaskada Donald Tramp bilan muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida Moskva Ukraina xavfsizligini ta’minlash ustida ishlashga tayyorligini bildirdi:
“Albatta, Ukraina xavfsizligi ta’minlanishi kerak. Biz bu yo‘nalishda ishlashga tayyormiz”, dedi Putin.