Ukrainaga bosqinni qoralagan Bayden G‘azo bombalanganini yoqlab chiqdi
Olam
−
08 avgust 2022
14093Rossiyaning Ukrainadagi bosqiniga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilayotgan AQSH Isroilning G‘azo sektoridan uyushtirilayotgan hujumlardan himoyalanish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’lum qildi.
U uch kunlik jangovar harakatlardan so‘ng, Isroil va G‘azodagi jangarilar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish uchun erishilgan sulhni olqishladi.
“Men Isroilning o‘z xavfsizligini, shu jumladan hujumdan himoyalanish huquqini uzoq vaqtdan beri va qat’iyat bilan qo‘llab-quvvatlayapman. So‘nggi kunlarda Isroil o‘z xalqini Falastinning “Islomiy jihod” terrorchilik guruhi tomonidan otilgan tartibsiz raketa hujumlaridan himoya qildi va Qo‘shma Shtatlar yuzlab raketalarni tutib, son-sanoqsiz [insonlar] hayotini saqlab qolgan "Temir gumbaz" havo hujumidan mudofaa tizimini qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi”, deydi Bayden Oq uy tomonidan e’lon qilingan yozma bayonotda.
Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 72 soat ichida Qo‘shma Shtatlar Isroil, Falastin, Misr, Qatar, Iordaniya va mintaqadagi boshqa davlatlar rasmiylari bilan hamkorlikda mojaroni tezroq hal qilishga yordam bergan.
Shuningdek, Prezident “G‘azoning tinch aholisi orasida qurbonlar borligi haqidagi xabarlarni” fojia deb atab, bunga ham “Isroilning “Islomiy jihod” pozitsiyalariga zarbalari, ham “Islomiy jihod”ning Isroil tomon uchirgan o‘nlab raketalari sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Baydenga ko‘ra, "jihodchilar" uchirgan ayrim raketalar G‘azo hududiga tushgan.
“Mening ma’muriyatim barcha xabarlarni o‘z vaqtida va chuqur o‘rganilishini qo‘llab-quvvatlaydi va biz barcha tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga to‘liq rioya qilishga va jangovar harakatlar to‘xtatilgach, G‘azoga yoqilg‘i va insonparvarlik yuklari oqimini ta’minlashga chaqiramiz", deydi AQSH Prezidenti.
Shu bilan birga, Prezident Bayden isroilliklar ham, falastinliklar ham xavfsizlik va tinchlikda yashashga, erkinlik, farovonlik va demokratiyadan teng bahramand bo‘lishga loyiq ekanini yana bir bor ta’kidladi. Vashington ma’muriyati “bu qarashni qo‘llab-quvvatlash uchun Isroil va Falastin yetakchilari bilan hamkorlikni davom ettiradi”, deb yakunladi u o‘z nutqini.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 avgust kuni Isroil mudofaa kuchlari Falastin “Islomiy jihod” guruhining terroristik nishonlariga qarshi olib borilayotgan “Tong” operatsiyasiga start berdi.
Isroil Bosh vaziri Yair Lapid va Mudofaa vaziri Benni Gans qo‘shma bayonotda zarbalar Isroil fuqarolariga nisbatan o‘ziga xos tahdidni bartaraf etish hamda “terrorchilar va ularning hamkorlariga” zarar yetkazishga qaratilganini aytgan.
Falastinning G‘azo sektoridagi hukmron HAMAS harakati keskinlashuvda Isroilni ayblagan.
7 avgust kuni Isroil va G‘azodagi “Islomiy jihod” harakati Misr vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Isroil hujumlari oqibatida hozirgacha 44 kishi, jumladan, 15 nafar bola va 4 nafar ayol halok bo‘lgan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi