Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalarning o‘qishini soddalashgan tartibda ko‘chirish boshlandi
Jamiyat
−
15 mart 2022
2717Ukrainadagi vaziyat tufayli O‘zbekistonga qaytgan talabalarning o‘qishini bugun, 15 martdan boshlab soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish boshlandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yildning 4 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqqa binoan Ukrainadan qaytib o‘qishini mamlakatda davom ettirish istagi bo‘lgan talabalarning hujjatlari hududiy ishchi guruhlar tomonidan qabul qilinmoqda.
Bu jarayonda talabalardan yashash hududlarida tashkil etilgan ishchi guruhlarga (ilovada) murojaat qilishlari va batafsil ma’lumot olishlari so‘ralgan.
Aytilishicha, shu kunga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Tashqi ishlar vazirliklariga ushbu masalada murojaat qilgan fuqarolarning, xususan talabalarning xorijiy ta’lim muassasalari va yashash hududlari kesimida ro‘yxati shakllantirilib, hududlardagi ishchi guruhlarga yuborilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali O‘zbekistonga 28 fevraldan 15 martga qadar 26 ta aviareys tashkillashtirilib, 5 884 nafar o‘zbekistonlik, jumladan 300 nafar ayol, 700 dan ziyod 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 40 nafar imkoniyati cheklangan shaxslar, shuningdek talabalar va mehnat migrantlari olib kelingan.
LiveBarchasi