Ukrainadagi urush yakunining 3 ta ehtimoliy ssenariysi tuzildi

Olam

image

Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin hamda Donald Tramp o‘rtasida Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha tinchlik muzokaralarini boshlash to‘g‘risidagi kelishuv fonida ehtimoliy ssenariylar shakllana boshladi. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.

Nashr tahlilchilari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi diplomatik kelishuv asosiga tushishi mumkin bo‘lgan uchta variantni keltirdi:

Birinchi va eng ehtimoliy ssenariy Rossiya tomonidan bosib olingan hududlar yaqin kelajakda Rossiya nazorati ostida va “muallaq holatda” qolishini nazarda tutadi. Ayrim hududlar almashinuvi ehtimoli ham mavjud, masalan, Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan egallangan Kursk viloyatining bir qismi. Ukraina xavfsizlik bo‘yicha ayrim kafolatlarga ega bo‘ladi, biroq ularning kuchi muzokaralarning mavzusiga aylanadi. Chunki Ukrainani NATOga qabul qilish masalasi kun tartibida emas, shuning uchun majburiyatlarning bajarilishi siyosatchilarning qarorlariga bog‘liq bo‘ladi. Yevropa o‘z mudofaa salohiyatini oshirgunga qadar AQSHni bir muddat Kiyevga yordam berishga ko‘ndirishga harakat qilishi mumkin.

Ukraina uchun eng maqbul ssenariy – agar Rossiya kelishuv shartlarini buzsa, AQSH va Yevropaning mojaroga aralashishga majbur bo‘lishini nazarda tutadi. Ammo Moskva bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv xavfi Kiyevning eng sodiq tarafdorlarini ham tashvishga solmoqda. Shu bilan birga, G‘arb Ukrainaga harbiy yordamni oshirish, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qayta joriy etish yoki kuchaytirish, Ukraina sanoatini rivojlantirish va Qurolli kuchlarni modernizatsiya qilishga ko‘maklashish majburiyatini olishi mumkin. Bu esa Kiyevga Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish imkoniyatini yaratishi mumkin.

Kiyev uchun eng dahshatli ssenariy esa Tramp hali o‘t ochishni to‘xtatishdan oldin Ukrainaga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotib, harbiy va moliyaviy yordamni to‘xtatishi va muammoni Yevropa mamlakatlariga havola etishini anglatadi. Bunday holatda bitim Ukraina suverenitetini saqlab qolgan bo‘lsa-da, Rossiyaga katta imtiyozlar beradi. Masalan, Moskvaning yangi hududlar ustidan nazoratini mustahkamlash hamda Ukrainani NATOga qo‘shilish imkoniyatidan mahrum qilish ehtimoli mavjud.

“Bloomberg” hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukrainaga harbiy harakatlar oqibatida zarar ko‘rgan binolar va infratuzilmani tiklash uchun taxminan 230 milliard dollar kerak bo‘ladi. Biroq hozirda Kiyevning ehtiyojlari va unga va’da qilingan mablag‘ o‘rtasida 130 milliard dollarlik yetishmovchilik mavjud. Bu esa mamlakatning iqtisodiy tiklanishi va barqaror mavjudligiga tahdid solmoqda.

“Yevropaning yirik davlatlari uchun Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va o‘z qurolli kuchlarini mustahkamlash yaqin o‘n yillikda 3,1 trillion dollarga tushishi mumkin”, deya hisoblaydi nashr tahlilchilari. 

Ukraina armiyasini tiklash esa 10 yil davomida taxminan 175 milliard dollarni talab qilishi mumkin. Bu esa o‘t ochishni to‘xtatish paytidagi harbiy salohiyat va nazorat qilinishi kerak bo‘lgan hududlarning kattaligiga bog‘liq bo‘ladi. 40 ming nafar tinchlikparvar harbiylarni joylashtirishga esa shu davr uchun taxminan 30 milliard dollar sarflanishi kerak bo‘ladi. “Bloomberg”ning qayd etishicha, bunday ulkan harbiy xarajatlar Yevropa davlatlarini sog‘liqni saqlash, ijtimoiy kafolatlar va ta’limni moliyalashtirish bo‘yicha murakkab tanlovga duch keltiradi.

Nashrning Yevropadagi manbalari Tramp jamoasi a’zolarida Rossiya bilan muzokaralar olib borish tajribasi yo‘qligidan xavotir bildirgan. Shu bilan birga, Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari AQSH va Ukraina bilan o‘n yillab aloqada bo‘lib kelgan, ba’zilari esa maxsus xizmatlar sohasida tajribaga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH yetakchisi Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan 1,5 va 1 soatlik telefon suhbati o‘tkazgan edi. Donald Trampga ko‘ra, Zelenskiy ham, Putin ham tinchlikka erishishni istaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Kiev urush yakuni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing