Ukrainada o‘ldirilganlar xunini kim to‘laydi?

Tahlil

image

Kecha, 24 aprel kuni Rossiya Federatsiyasining harbiy operatsiya niqobi ostida Ukrainaga bostirib kirganiga ikki oy to‘ldi. Bu vaqt davomida ikki mamlakat ham minglab qurbonlar berdi. Ammo urushning eng qaqshatqich zarbalari, yirik iqtisodiy yo‘qotishlar, vayron bo‘lgan infratuzilma, albatta, Ukraina tomonida. Xo‘sh, ushbu yo‘qotishlar uchun Rossiya tovon to‘laydimi?

Rossiya Federatsiyasining qurolli tajovuzi allaqachon minglab ukrainaliklarning hayotiga zomin bo‘ldi hamda davlat va uning fuqarolariga katta zarar yetkazdi. Ukraina Iqtisodiyot vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya bosqinidan keyingi yo‘qotishlar hozirda 565 milliard dollarini tashkil etmoqda.


Demak, yo‘qotishlar quyidagicha:

119 milliard dollar – infratuzilma yo‘qotishlari (vayron bo‘lgan yo‘llar, vokzallar, aeroportlar);

112 milliard dollar – 2022 yilda yalpi ichki mahsulot yo‘qotishlari;

90,5 milliard dollar – fuqarolarning mulkiy yo‘qotishlari (10 million kvadrat metr uylar, 200 ming shaxsiy avtomobillar va boshqalar);

80 milliard dollar – korxonalar va biznes yo‘qotishlari;

54 milliard dollar – Ukraina iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘qotishlari;

48 milliard dollar – davlat byudjeti yo‘qotishlari.

Tomonlar qurbonlar haqida aniq ma’lumotlarni taqdim etmayapti. Urushning birinchi oyida Rossiyada 1351 kishi halok bo‘lgan va 3825 rus askari yaralangan. Rossiya tomoni bayonotiga ko‘ra, Ukraina armiyasining yo‘qotishlari 23 367 kishini tashkil qilgan. Kiyev esa urush boshlanganidan beri 21,6 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lganini aytmoqda. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi ikki oyda Ukrainani tark etganlar soni 5 miliondan oshgan. Ularning 2 825 463 nafari Polshadan, 757 047 nafari Ruminiyadan, 549 805 nafari Rossiyadan, 471 080 nafari Vengriyadan, 426 964 nafari Moldovadan, 342 813 nafari Slovakiyadan va 23 759 nafari Belarusdan boshpana topgan.

Rossiyaning Ukraina shaharlariga qurolli hujumi nafaqat mudofaa va harbiy ob’ektlarni, balki turar joy binolari, maktab, shifoxonalarni ham qamrab olgan. O‘tgan davrda mobaynida 938 ta ta’lim muassasasi zarar ko‘rgan, ulardan 87 tasi butunlay vayron bo‘lgan.

Xo‘sh, qurbonlar va jarohatlanganlar uchun kompensatsiyani kim to‘laydi? U aslida to‘lanishi kerakmi? 

AQSH hukumati har bir inson hayotining qiymatini qariyb 10 million dollar deb hisoblaydi. Agar Ukrainada xarajatlar pastroq bo‘lsa, deylik, u yerdagi har bir insonning hayot qiymati kamida 5 million dollarga teng. Agar hozirgacha kamida 10 ming ukrainalik halok bo‘lgan bo‘lsa, tovon puli kamida 50 milliard dollarni tashkil etishi kerak.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi 2022 yil 21 aprel holatiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qilgan harbiy hujumi chog‘ida jami 2435 nafar tinch aholi halok bo‘lganini xabar qilmoqda. Ulardan 184 nafari bolalardir. Bundan tashqari, 2946 kishi jarohat olgani aytilgan. Biroq, komissarlik haqiqiy raqamlar bundan ham yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Jismoniy va hissiy jarohatlar o‘limdan ham og‘irroq bo‘lishi mumkin – bular yana 50 milliard dollarga tushadi. YAIMdagi yo‘qotishlar haqida nima deyish mumkin? 2020 yilda Ukraina yalpi ichki mahsuloti taxminan 2 milliard dollarga o‘sdi. Agar u keyingi besh yilning har bir yilida o‘sishda 2 milliard dollarni yo‘qotsa, bu miqdor 10 milliard dollarga yetadi.

Shuningdek, Putin Rossiyasi Qurolli Kuchlari tomonidan bir oydan kamroq vaqt ichida yetkazilgan zarar 700 milliard dollarga yetadi. Agar bu miqyosdagi janglar yana ikki-uch oy davom etsa, jami zarar 1,5 trillion dollardan oshishi mumkin. Bu esa Rossiyaning 2020 yildagi yalpi milliy mahsulotiga teng. 

Ba’zi yo‘qotishlarni hisoblash murakkab. Chunki, maktab va ijtimoiy rivojlanishni o‘tkazib yuborayotgan bolalarni yoki suv, havo va tuproqni zaharlaydigan o‘q-dorilar va yong‘inlar natijasida atrof-muhitning buzilishini qanday baholash mumkin? Buning o‘rnini tovon bilan to‘ldirib bo‘ladimi? 

Xalqaro huquqda davlatlarga yetkazilgan zarar uchun tovon to‘lashni belgilashning ikki ko‘rinishi mavjud: kontributsiya va reparatsiya.
Kontributsiya – urushda mag‘lubiyatga uchragan davlatning g‘olib chiqqan davlatga sulh shartnomasi asosida tovon to‘lashi.

Reparatsiya – tajovuzkor, urushni boshlagan davlat tomonidan hujumga uchragan davlatga yetkazilgan zararni to‘liq yoki qisman qoplash.

Ikkalasining farqi undirish usulida: reparatsiya har doim hujumga uchragan davlatga to‘lanadi. Kontributsiya esa g‘olib mamlakat tomonidan o‘rnatiladi, uning o‘zi bosqinchi mamlakat bo‘lishi ham mumkin.

Qiziqarlisi, xalqaro gumanitar huquq faqatgina reparatsiyani tan oladi. Kontributsiya ikkinchi jahon urushidan keyin to‘xtatilgan. Bu 1947 yildagi Parij tinchlik shartnomalarida hamda 1949 yilgi Jeneva konvensiyasida ham qayd etilgan.

Reparatsiyalar yaqinda paydo bo‘lgan ixtiro emas. Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bunga ko‘plab misollarni keltirishimiz mumkin. Masalan, XIX asr boshlarida Fransiya boshqa yevropaliklarga Napoleon tomonidan yetkazilgan zararni qoplash uchun katta miqdorda pul to‘lagan yoki bir asr keyinroq esa birinchi va ikkinchi jahon urushlaridan keyin Germaniya urushda yetkazgan zarari uchun reparatsiya to‘lagan. 

Yoki, Ko‘rfaz urushidan keyin Iroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 687-sonli rezolyutsiyasini qabul qildi, bu rezolyutsiya Iroqning Quvaytga bostirib kirishi natijasida yetkazilgan zarar uchun moliyaviy javobgarligini e’lon qildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kompensatsiya komissiyasi (UNCC) tuzildi va unga hukumatlar, korporatsiyalar va jismoniy shaxslar tomonidan 350 milliard AQSH dollari miqdorida da’vo arizasi berildi. UNCC taxminan 1,5 million muvaffaqiyatli da’vogarga 52,4 milliard dollarlik kompensatsiya talablarini qabul qildi va topshirdi. 

Ukraina Rossiya Federatsiyasidan tovon talab qilish huquqiga ega. Bu fakt. Ya’ni Rossiya Ukrainaga vayron qilingan sanoat, fuqarolik infratuzilmasi: uylar, maktablar, shifoxonalar, madaniyat muassasalari va boshqa ob’ektlar uchun tovon to‘lashi lozim.

Buni Ukraina quyidagi yo‘llar orqali amalga oshirishi mumkin?

Birinchi navbatda, Rossiya bilan tinchlik shartnomasi tuzgan holda reparatsiya olish;

Ikkinchi navbatda, Rossiya tovon to‘lashini ta’minlashni BMT institutlariga topshirish;

Uchinchi navbatda, agar Rossiya xalqaro huquqni mensimaslikda davom etsa, ittifoqchilar qarori bilan Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlarini olish orqali.

 

Kamronbek Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

297

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing