Ukrainada qator vazirliklar yopilishi mumkin
Olam
−
09 mart
11109Joriy yilgi byudjet taqchilligi tufayli Ukraina hukumati mavjud 19 ta vazirlikdan kamida beshtasini qisqartirmoqchi. Bu haqda bugun, 9 mart kuni Ukrainaning “Novoye vremya” nashri ma’lum qildi.
Qolaversa, Ukraina parlamenti a’zosi Daniil Getmansev avvalroq Ukraina davlat byudjeti ittifoqchilarning tashqi yordamiga juda bog‘liqligi, yil oxirigacha Kiyev grantlar va imtiyozli kreditlar ko‘rinishida qariyb 9,5 milliard dollar moliyaviy yordam jalb qilishi kerakligini bildirgan.
Keyinroq Bosh vazir Denis Shmigal Ukraina davlat byudjeti taqchilligini qoplash uchun Yevropa Ittifoqi, AQSH va Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda ittifoqchi davlatlardan 30 milliard dollardan ortiq miqdorda moliyaviy yordam olishni kutayotganini aytgan.
Ta’kidlanishicha, qisqartirilgan vazirliklarning bir qismi Bosh vazir devoni nazoratiga o‘tadi. Biroq aynan qaysi vazirliklar yopilishi aytilmagan. Shu bilan birga, hozircha hukumatda bu muammoni hal etish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilmagani aytilmoqda.
"Yaqin oylarda Ukraina Vazirlar Mahkamasi jiddiy qisqartirishlarga duch keladi. Gap mavjud 19 ta vazirlikdan kamida 5 tasi tarqatib yuborilishi haqida ketmoqda. Buni “Xalq xizmatchisi” partiyasi va mamlakat prezidenti devonidagi manbalar ham tasdiqlagan”, deyiladi nashr saytida chop etilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari rahbariyatida o‘zgarish qilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi