Ukrainada bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari va uning qizi o‘lik holda topildi

Olam

image

Kiyevda bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Olga Kolinko va uning qizi Yaroslava o‘lik holda topildi. Bu haqda “Interfaks-Ukraina” Milliy politsiya va huquq-tartibot idoralaridagi suhbatdoshlariga tayanib, xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ayollarning jasadlarida zo‘ravonlik belgilari bo‘lmagan. Xonadonlar ichkaridan qulflangan, ayollar turli vaqtlarda vafot etgan – onasi taxminan ikki oy oldin, qizi esa uch hafta oldin hayotdan ko‘z yumgan.

“Jasadlar sud-tibbiyot ekspertizasiga topshirilgan, o‘lim sabablari aniqlanadi va keyingi protsessual qarorlar qabul qilinadi”, deyiladi xabarda.

Politsiya qurbonlarning ismlarini oshkor qilmagan, biroq huquq-tartibot idoralaridagi manba topilgan jasadlar Olga Kolinko  va uning qizi Yaroslavaga tegishli ekanligini tasdiqlagan.

Nashrning yozishicha, Olga Kolinko 10 yanvar kuni uy-joy idorasi xodimlari politsiya ishtirokida xonadon eshigini buzib kirishganida topilgan.

71 yoshli Olga Kolinko uzoq yillardan beri og‘ir kasal bo‘lib, ko‘chaga chiqmagan. Unga qizi qaragan, u ham yaqin atrofdagi kvartirasida o‘lik holda topilgan.

Olga Kolinko ikki marta Ukraina bosh prokurori o‘rinbosari lavozimini egallagan – 1993-2000 yillarda va 2003-2005 yillarda. 2001-2003 yillarda u Prezident Leonid Kuchma huzuridagi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasini boshqargan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina\ Ol'ga Kolin'ko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar