Ukrainada 11 kishini o‘ldirgan o‘zbekistonlik umrbod qamaldi

3-sahifa

image

Ukraina poytaxti Kiyev shahrida 2018 yil fevraldan 2024 yil yanvargacha 11 kishini o‘ldirgan va yana bir insonni o‘ldirishga urinib, ammo rejasini amalga oshira olmagan O‘zbekiston fuqarosi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Kiyev shahri prokuraturasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, sudlangan shaxs O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, doimiy yashash joyiga ega emas. U 3 ayol va 8 erkakni o‘ldirgan. Jabrlanuvchilarning aksariyati uysizlar bo‘lib, u ular bilan tanishib, birgalikda alkogol iste’mol qilgandan so‘ng ularni yo‘q qilgan. Bitta holatda u yana bir insonni o‘ldirishga urinib, maqsadiga yeta olmagan.

“2024 yil yanvarda erkak Kiyevning Golosiyeyev tumanidagi gul do‘koniga xaridor sifatida kirib, sotuvchi ayolga pichoq bilan 30 martadan ortiq zarba berib o‘ldirgan va uning tilla taqinchoqlarini olib qochgan. Ayblanuvchi ushbu jinoyatda o‘z aybini tan olgan va shundan so‘ng avvalgi shunga o‘xshash jinoyatlarini ham batafsil bayon qilgan”, deyiladi xabarda.

U har bir jabrlanuvchisini yaxshi eslab qolgan va bu ma’lumotlar orqali jazoni yengillashtirishga umid qilgan. Ammo sud uning qilmishini hisobga olgan holda jinoyatlarini to‘liq isbotlovchi dalillar asosida aybdor deb topgan va Ukraina qonunchiligida ko‘zda tutilgan eng og‘ir jazo – umrbod ozodlikdan mahrum etish hukmini chiqargan. Ayblanuvchi hozirda qamoqda saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Oliy sudi Istanbuldagi Reyna tungi klubiga uyushtirilgan teraktni amalga oshirgan Abdulqodir Masharipovga nisbatan 2020 yilda chiqarilgan 40 martalik umrbod qamoq jazosi hukmini tasdiqlagandi. Sud hukmiga ko‘ra, Masharipov 39 kishini qasddan o‘ldirish va 79 kishini o‘ldirishga suiqasd qilishda aybdor deb topilgan.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Ukraina O'zbekiston fuqarosi Qiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing