Ukraina jangni davom ettirish uchun pul qidirmoqda – WSJ
Olam
−
18 Sentabr 2023 10368 2 daqiqa
Kiyev Ukraina davlat obligatsiyalarini sotish va moliyaviy vositachilar yordamida jangni davom ettirish uchun qo‘shimcha mablag‘ topishga harakat qilmoqda. Bu haqda ICU brokerlik kompaniyasining makroiqtisodiy tadqiqotlar bo‘limi rahbari Vitaliy Vavrishukka tayanib, “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.
“Agar hukumat byudjet taqchilligini qoplay olmasa, u o‘zining harbiy amaliyotlarini moliyalashtira olmaydi”, deydi Vavrishuk.
Qayd etilishicha, rejalashtirilgan harbiy xarajatlarni 50 foizga oshirish uchun Kiyev korporatsiyalar va jismoniy shaxslarga harbiy obligatsiyalarini sotmoqda va qarzlarni boshqa davlatlar hisobidan qayta tuzmoqda. Shu hafta ICU Ukraina obligatsiyalarini chet eldagi jismoniy shaxslarga masofadan sotishni boshlashi kutilmoqda.
Manbaga ko‘ra, Kiyev g‘aznasini to‘ldirishning yana bir usuli bu vositachilarning yordami hisoblanadi. Masalan, Yevropada Euroclear xalqaro depozitariysining muzlatilgan Rossiya aktivlarini qayta investitsiyalashdan tushgan daromadining bir qismini Ukrainaga o‘tkazish masalasi muhokama qilinmoqda. Kompaniya hisobotiga ko‘ra, sanksiyalangan aktivlardan Euroclear 1,283 milliard yevro sof foyda qilgan. Olingan foydadan 20 foiz soliq undirilgan. Bu pul allaqachon Ukrainaga o‘tkazilgan va hozirda qo‘shimcha soliq haqida gap ketmoqda.
“Financial Times” nashrining yozishicha, Yevropa Markaziy banki avvalroq Yevrokomissiyani Rossiyaning muzlatilgan aktivlari bilan operatsiyalardan olingan foydaning musodara qilinishi yevroga global valyuta sifatidagi ishonchni susaytirishi va jahon moliyaviy barqarorligiga putur yetkazishi mumkinligidan ogohlantirgan. Bank xususiy ravishda Yevropa Ittifoqi vakillariga Rossiya aktivlarining Ukraina foydasiga qisman musodara qilinishi ham jahon moliya bozorlari uchun yomon signal bo‘lishini ma’lum qilgan. Aytilishicha, bunday harakat, ayniqsa YeI G7 ko‘magisiz harakat qilsa, boshqa markaziy banklarning yevroga bo‘lgan qiziqishini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyida Belgiya g‘aznachiligi rahbari Aleksandr De Gest Belgiya faqat Euroclear platformasidagi 250,6 milliard yevrolik Rossiya aktivlarini muzlatib qo‘yganini, bu depozitariyning ularni qayta investitsiyalashdan tushgan daromadi 2022 yilda 821 million, 2023 yilning birinchi choragida yana 734 million yevroni tashkil qilganini aytgan. 12 may kuni Belgiya hukumati Rossiya aktivlaridan olingan 92 million yevroni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun sarflashini e’lon qilgan.
Live
Barchasi