Ukraina Zaporoje AESda tekshiruv o‘tkazish uchun shart qo‘ydi

Olam

image

Ukrainaning Zaporoje atom elektr stansiyasidagi yadroviy fojia tahdidini bartaraf etishning yagona yo‘li Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish va stansiya ustidan rasmiy Kiyev nazoratini qaytarishdir. Bu haqda Ukrainaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Sergey Kislitsa tashkilot Xavfsizlik kengashidagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tgan.

Uning qayd etishicha, Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Zaporoje atom elektr stansiyasida xavfli provokatsiyalarga qo‘l urilmoqda. Jumladan, bosqinchilar u yerga harbiy texnikani joylashtirib, ulardan Dnepr qirg‘oqlari bo‘ylab Ukraina shaharlari o‘qqa tutishda foydalangan.

Kislitsaning ta’kidlashicha, ZAES hududida MAGATE missiyasi nazorat o‘tkazishi uchun Rossiya Nikopol va Margansani o‘qqa tutishni to‘xtatishi kerak.

“Rossiya MAGATE missiyasini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan hujumlarni to‘xtatishi kerak. Shunda missiyani Ukraina hududidan o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Bu missiyada harbiy soha bo‘yicha mutaxassislar bo‘lishi shart”, deydi u.

Ukrainaning BMTdagi vakiliga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya atom elektr stansiyasini o‘qqa tutib, ob’ekt va uning xodimlarini xavf ostiga qo‘yganini inobatga olinadigan bo‘lsa, Moskva BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishini chaqirishi bema’ni ko‘rinadi.

Rossiya hech qanday shartlarsiz MAGATE missiyasini qabul qilishini e’lon qilishi, missiyaning Ukrainadan o‘tishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Shuningdek, AES va unga yaqin joylarni tozalash hamda Rossiya Federatsiyasining qo‘shinlari, qurollari va texnikasini stansiyadan olib chiqish kerak.

“MAGATE Rossiya, Ukraina va BMT bilan Zaporoje atom elektr stansiyasiga missiya jo‘natish bo‘yicha aloqalarni faollashtirmoqda”, deydi o‘z navbatida MAGATE bosh direktori Rafael Grossi.

Ma’lumot uchun, Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, UNIAN nashri 5 avgust kuni rus bosqinchilari Zaporoje AESiga to‘rt marta o‘q uzgani haqida ma’lumot bergan edi. Shuningdek, Zaporoje atom elektr stansiyasi bosqinchilar tomonidan o‘qqa tutilganidan so‘ng, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy davlatlarni butun Rossiya atom sanoatiga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etishga chaqirgan.

Rossiya esa AESga hujumda Ukrainani aylabyapti. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

134

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing