Ukraina yana bir F-16 qiruvchi samolyotidan ayrildi

Olam

image

Ukrainaga ittifoqchilar tomonidan yetkazib berilgan F-16 qiruvchi samolyotlaridan biri jangovar topshiriqni bajarish vaqtida yo‘qoldi. Bu haqda Ukraina Harbiy havo kuchlari xabar berdi. 

Qayd etilishicha, samolyot bilan aloqa kecha, 16 may kuni taxminan soat 03:00 da uzilgan.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uchuvchi uchta havo nishonini yo‘q qilgan va to‘rtinchisiga qarshi aviatsion pulemyotdan foydalanayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda bortda favqulodda holat yuz bergan”, deyiladi Ukraina Qurolli kuchlari bayonotida.

Ukraina Harbiy havo kuchlarining ta’kidlashicha, uchuvchi samolyotni aholi punktidan uzoqroqqa olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va xavfsiz tarzda katapult qilinib, qutqaruv guruhi tomonidan topilgan va evakuatsiya qilingan.

Voqea tafsilotlari haqida boshqa ma’lumotlar berilmagan.

Qayd etish joiz, Ukraina 2024 yil avgust oyida ilk F-16 samolyotlarini qabul qilgan. Ukrainada F-16 bilan bunday hodisa birinchi marotaba sodir bo‘layotgani yo‘q. 2024 yil 29 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Ukrainaga G‘arb ittifoqchilari tomonidan taqdim etilgan F-16 qiruvchi samolyotlaridan biri halokatga uchragani haqida xabar bergandi. Hodisa uch kun oldin Rossiyaning yirik raketa hujumini qaytarish paytida yuz bergan. Samolyotning qulashi oqibatida “Oy baliq” belgisi bo‘lgan uchuvchi Aleksey Mes halok bo‘ldi. Falokat sababi uchuvchi xatosi degan nazariya bor edi. Shu bilan birga, Oliy Rada deputati Maryana Bezuglaya o‘z manbalariga tayanib, F-16 Ukrainadagi Patriot mudofaa tizimi o‘qi bilan urib tushirilganini ma’lum qildi va Havo kuchlarini voqeani bosti-bosti qilib yuborishda aybladi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi o‘rtalarida Ukraina Havo kuchlari kapitani Pavlo Ivanov F-16 samolyotida jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ivanovga vafotidan so‘ng “Ukraina Qahramoni” unvonini bergan. Rossiya Mudofaa vazirligi ham F-16 samolyotining urib tushirilgani haqida ma’lum qilgan, ammo tafsilotlarni ochiqlamagan.


Maqola muallifi

Teglar

qiruvchi samolyot Ukraina F-16

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing