Ukraina va Polshaning orasi buzildi
Olam
−
02 avgust 2023
29349Ukraina va Polsha o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashdi. Buni bugun, 2 avgust kuni Polsha Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Yablonskiy ham tasdiqladi.
Gap shundaki, 31 iyul kuni Polsha Respublikasi Prezidenti devonining xalqaro siyosat bo‘limi boshlig‘i Marchin Pshidach matbuotga bergan intervyusida Kiyev Varshavadan katta yordam olgani, Ukraina so‘nggi paytlarda Polsha o‘ynagan rolini qadrlay boshlashi kerakligini aytgan.
O‘sha kuni kechqurun Ukraina Prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Andrey Sibiga Pshidachning mazkur bayonotini asossiz va “xiyonatga teng” deb atagan. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa kecha, 1 avgust kuni Polsha elchisi Bartosh Sixotskiyni chaqirtirgan. Uchrashuvda elchiga Ukrainaning Polsha yordami uchun noshukurligi haqidagi bayonotlar “haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va bu qabul qilib bo‘lmaydigan holat ekani” aytilgan.
Polsha Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Arkadiush Mulyarchik ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Pshidachning bayonotlari fonida ikki davlat o‘rtasidagi keskinlikni izohlar ekan, Polsha hech qachon Ukrainaga yordam berishdan bosh tortmagani, boshqa davlatlar esa uning qulashini kutganini yozgan.
“Boshqa davlatlar Ukrainaning qulashini kutayotgan bir paytda, Polsha hech qachon yordamdan bosh tortmagan. Afsuski, bugungi kunda Kiyevda ba’zi odamlar buni unutib qo‘ydi. Bu kabi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik kerak”, deydi u.
O‘z navbatida, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy mamlakat elchisining Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilishini nomaqbul, deb atagan.
“Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan kuni Kiyevda qolgan yagona Polsha elchisini Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga chaqirish hech qachon amalga oshirilmasligi kerak edi”, deb yozgan siyosatchi ijtimoiy tarmoqlarda.
Keyinchalik Ukrainaning Varshavadagi elchisi Vasiliy Zvarich ham Polsha Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Biroq Zvarich Kiyevda bo‘lgani sababli TIVdagi uchrashuvga uning o‘rinbosari boradigan bo‘lgan.
Polsha Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pavel Yablonskiy Ukraina elchixonasi vakili bilan bo‘lajak uchrashuv haqidagi savolga javob berar ekan, suhbat samimiy va aniq bo‘lishini aytgan.
“Biz bugungi munosabatlarimiz qanday ko‘rinishga ega ekaniga o‘z baholarimizni beramiz. Afsuski, so‘nggi paytlarda ayrim Ukraina rasmiylarining bayonotlari tufayli aloqalarimiz unchalik yaxshi emas. Buni hech kim yashirmaydi" deydi u.
Yablonskiyning so‘zlariga ko‘ra, bunday holat Ukrainada ma’lum his-tuyg‘ular paydo bo‘lganidan kelib chiqqan.
"Biz bunga tushunamiz, chunki, mamlakat hujumga uchramoqda. Lekin siz ittifoqchilaringizga bunday munosabatda bo‘lolmaysiz", deya qo‘shimcha qilgan Yablonskiy.
LiveBarchasi