Ukraina urushni qishgacha tugatmoqchi (video)

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni imkon qadar tezroq yakunlash bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda kecha, 1 iyun kuni Prezident ofisi rahbari Kirill Budanov “Xavfsizlik arxitekturasi” forumida so‘z ochdi.

“Prezident urushni imkon qadar tezroq to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergan. Prezident ofisi rahbari sifatida men qo‘yilgan maqsadga erishish uchun hamma narsani qilaman”, deydi Budanov.

Uning aytishicha, Ukraina bu maqsadga erishish uchun yetarli imkoniyatlarga ega, biroq Rossiya kelishuvlardan bosh tortishi mumkin.

Harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtirish shtabi rahbar o‘rinbosari Andrey Yusovning aytishicha, Ukrainada harbiy-siyosiy rahbariyat, xavfsizlik va mudofaa kuchlari hamda diplomatlar adolatli tinchlikka erishish uchun ishlamoqda.

“Biz dushmanni to‘xtatish uchun zarur bo‘lgan vaqtgacha jang qilamiz. Havo, yer va dengizda dronlardan foydalanish kuchaymoqda va u o‘z samarasini berayotganini ko‘rishingiz mumkin”, deydi Yusov.

Qayd etish joiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 30 may kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga qarshi urushni qachon tugatishini aytishning imkoni yo‘qligini bildirgandi.

“Menimcha, siz va boshqa hamkasblar mening javobimni tushunasiz: harbiy harakatlar sharoitida aniq muddatni aytishning imkoni yo‘q. Bu faqat ehtiyotsizlik emas, amalda bunday qilinmaydi. Men ham buni qilmayman”, deydi u.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Ukraina AQSH va Rossiya ishtirokidagi muzokara formatini qayta tiklashga tayyorligini bir necha bor aytgan hamda zarurat bo‘lsa, Vladimir Putin bilan shaxsan uchrashishga ham tayyorligini bildirgan. Rossiya Prezidentining aytishicha, bu uchrashuv urushni tugatish shartlarini muhokama qilish uchun emas, balki yakuniy kelishuvni imzolash uchun bo‘lishi kerak.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Vashington Moskva va Kiyev o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi bo‘lishga tayyorligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tomonidan Ukraina hududiga uyushtirilgan keng ko‘lamli raketa va dron hujumlari oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lib, o‘nlab odamlar jarohat olgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina urush yakunlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing