Ukraina tarafda urushayotganlarga saboq bo‘lsin – Zaxarova DXRda o‘limga hukm qilinganlar haqida
Olam
−
15 iyun 2022
8657Tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi Oliy sudi tomonidan uch nafar xorijlik yollanma askarga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmi ukrainaliklar tomonida jang qilayotgan boshqa askarlar uchun namuna bo‘ladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova aytib o‘tgan.
“Bunday qattiq hukm Ukraina tomonida jang qilayotgan yoki faqat ularga qo‘shilishni niyat qilgan boshqa barcha askarlar uchun yaqqol misol bo‘ladi, chunki bu Donbass tinch aholisiga qarshi jinoyatdir. Ukraina harbiylari va xorijlik yollanma askarlarning urush jinoyatlari jazosiz qolmaydi”, deydi urushni boshlagan Rossiya vakili Zaxarova.
Shuningdek, TIV rasmiysi Rossiya rahbariyatining Donbassni “Kiyev rejimi agressiyasidan” himoya qilish uchun boshlagan urushni davom ettirish, Ukrainani denatsifikatsiya va demilitarizatsiya qilish to‘g‘risidagi bayonotlariga e’tibor qaratgan.
Eslatib o‘tamiz, tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi Oliy sudi Ukraina qurolli guruhlari tarkibida yollanma harbiy harakatlarda qatnashganlikda ayblanayotgan Britaniya fuqarolari Shon Pinner va Eyden Aslin, shuningdek marokashlik Saadun Brahimni o‘lim jazosiga hukm qilgandi.
Shundan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi sudning qaroridan norozi ekanini bildirib, DXRda adolatli sudlovlar ta’minlanishini shubha ostiga olgandi.
Keyinchalik esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Rossiyaning britaniyalik harbiy asirlar Shon Pinner va Eyden Aslinni o‘ldirish bilan tahdid qilganidan g‘azablanib, vazirlarga ularni ozod qilish uchun “qo‘ldan kelgan barcha ish”ni qilishni buyurgandi.
LiveBarchasi