Ukraina Sudjani egallab olganini ma’lum qildi
Olam
−
13 avgust
10560Ukraina Qurolli kuchlarining “BRAVO Team” maxsus bo‘linmasi Kursk viloyatining Sudja shahri Ukraina Qurolli kuchlari nazoratiga o‘tganini e’lon qildi. Bu haqda bo‘linmaning Telegram-kanalida ma’lum qilindi.
Kanalda Ukraina maxsus kuchlari viloyat markazida suratga olingan ikkita videoni e’lon qildi.
“Sudja shahri Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida, unda ishtirok etgan barcha brigadalar va batalonlarga shon-sharaflar”, deyiladi xabarda.
Videoda ukrainalik harbiy xizmatchi shaharda rossiyalik harbiylar yo‘qligini va o‘ldirilgan rossiyalik harbiyning jasadini ham ko‘rsatgan. “Meduza” va “Vajnix istoriy” jurnalistlari video “Sudja shahridagi Karl Marks ko‘chasidagi Window Gallery do‘koni yonida, shahar ma’muriyati binosidan 500 metr uzoqlikda suratga olinganini” aniqladi.
Ikkinchi videoda bo‘sh shahar bo‘ylab haydab ketilayotgan Ukraina bronetransportyori derazasidan olingan. Harbiylarning aytishicha, ular Sudjaning markaziy maydonidan o‘tmoqda. Videoda rossiyalik harbiylar va mahalliy aholi ko‘rinmaydi. Videolar qachon suratga olingani noma’lum.
Ukraina va Rossiya Federatsiyasi rasmiylari bu bayonotlarga izoh bermadi.
Ma’lumot uchun, Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. 12 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy 1000 kvadrat kilometrga yaqin Kursk viloyati hududi Ukraina armiyasi nazoratida ekanligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi