Ukraina hukumatida yana “tozalash”

Tahlil

1-qon almashinuvi to‘lqini

Ukraina boshqaruv korpusidagi tozalash ishlari joriy yil boshida yanvar-fevral oylarida boshlangandi. Barchasi mamlakat Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni va Prezident o‘rtasida kelib chiqqan nizodan start olgandi. Joriy yilning 8 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyni ishdan bo‘shatdi va uning o‘rniga bugungacha hammaning og‘ziga tushgan Kursk frontining muallifi Aleksandr Sirskiy tayinlangandi. O‘shanda Zelenskiy kadrlar almashinuvi faqatgina bitta shaxs bilan cheklanib qolmasligi va bu butun mamlakatdagi boshqaruv qatlamiga tegishli bo‘lishini ma’lum qildi. 10 fevralda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, undan so‘ng Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Birlashgan kuchlar qo‘mondoni, havo-desant hujumi kuchlari boshlig‘i kabilar ham birin-ketin o‘zgardi. Ammo bu o‘zgarishlarning yakuni emas edi. Armiyadagi tozalashlarning keyingi to‘lqini mart oyiga to‘g‘ri keldi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Qurolli kuchlarni qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondonini ham almashtirdi. Armiyadagi tozalashlardan so‘ng navbat Milliy xavfsizlik tizimiga yetib kelgandi. Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov lavozimidan ozod etildi. Shunday qilib, armiya va kuch ishlatar tuzilmalardagi o‘zgarishlar yakunlangandi. Ma’lum vaqt o‘tib esa, Zelenskiy tomonidan amalga oshirilgan bu yangilanishlar o‘z so‘zini aytdi. Kurskka bostirib kirgan Ukraina qo‘shinlari va Rossiyadek qudratli davlatning hududiy yaxlitligiga yaxshigina zarba bera olgan Sirskiy misolida butun dunyo bu o‘zgarishlarning ijobiy natijasiga guvoh bo‘ldi. Bugun esa kadrlar almashinuvi faqat armiya yoki boshqa kuch ishlatar tuzilmalargagina tegishli bo‘lmay, yil boshida xuddi Vladimir Zelenskiy ta’kidlaganidek, butun boshli boshqaruv mashinasiga qaratilganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Endi navbat mamlakatdagi yana bir yirik boshqaruv guruhi bo‘lmish Vazirlar Mahkamasiga yetib keldi.

2-to‘lqin

Kecha, 3 sentyabr kuni Ukrainaning biryo‘la 3 vaziri, 2 nafar vazir o‘rinbosari va yana bir mulozim Oliy Radaga, ya’ni mamlakat parlamentiga o‘z iste’folari haqidagi arizani taqdim etdi.

Ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi arizalar quyidagilar tomonidan taqdim etilgan:

  • Atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Ruslan Aleksandrovich Strelets;
  • Strategik sanoat vaziri Aleksandr Nikolayevich Kamishin;
  • Adliya vaziri Denis Leontevich Malyuska;
  • 4 yildan buyon Bosh vazirning Yevropa va Yevro-Atlantika integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Olga Vitalevna Stefanishina;
  • 3 yildan buyon Bosh vazir o‘rinbosari, Ukraina “Vaqtinchalik bosib olingan” hududlarni reintegratsiya qilish vaziri sifatida faoliyat olib borayotgan Irina Andreyevna Vereshuk;
  • Davlat mulki jamg‘armasi rahbari Vitaliy Nikolayevich Koval.

Oliy Rada spikeri Ruslan Stefanchuk mazkur mulozimlar tomonidan taqdim etilgan barcha arizalar keyingi yalpi majlislardan birida ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Yuqorida nomlari qayd etilgan vazirlardan faqatgina  Aleksandr Kamishin o‘z lavozimidan ketishi va bundan keyingi manzili haqida jamoatchilikka ma’lum qildi. U o‘zining Telgeram-kanalida Strategik sanoat vaziri maqomidan ayrilganiga qaramay, mudofaa sanoati sohasida ishlashda davom etishi, ammo boshqa lavozimda ishlashi haqida xabar qoldirdi. Iste’foga ariza bergan mansabdorlar ichida Adliya vaziri Denis Malyuskaning lavozimdan ketishi oldindan taxmin qilingan edi. Ukraina ommaviy axborot vositalari, jumladan “Zerkalo nedeli” u iyul oyi o‘rtalarida iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozgani haqida xabar qilgandi. 5 yildan ortiq vaqt davomida Adliya vaziri postida faoliyat yuritib kelgan Denis Malyuska Prezidentning “Xalq xizmatchisi” partiyasi a’zosi bo‘lib, hozircha uning keyingi manzili noma’lum. Ammo bir qancha xorij nashrlari lavozimdan ketgan amaldorlarning vaziyatini shunchaki rotatsiya ekanligi va mazkur rahbarlar boshqa mansabga o‘tkazilishi haqida yozmoqda. Hozircha barcha mulozimlarning ishdan bo‘shash sabablari noma’lumligicha qolmoqda, ammo Ukraina Prezidenti bu yirik kadrlar o‘zgarishini mamlakatning umumiy maqsadlari bilan tushuntirishga harakat qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ayni sharoitda Ukraina uchun tashqi ichki siyosatda beshta ustuvor masala mavjud bo‘lib, bular qish mavsumiga tayyorgarlik paytida markaziy hokimiyat va jamoalar o‘rtasida o‘zaro ta’sir doirasini kuchaytirish, Ukraina mudofaa ishlab chiqarishda sezilarli natijalarga erishishda davom etish, maxsus o‘zaro ta’sir orqali NATO bilan hamkorlikni kuchaytirish, Yevropa Ittifoqidagi a’zolik muzokaralari va kelajakdagi a’zolik shartnomasining tegishli qismlarini tayyorlash hamda Ukraina va uning sheriklari o‘rtasidagi munosabatlarda erishilgan barcha yutuqlarni saqlab qolish va Rossiya targ‘ibotiga qarshi kurashish kabilardan iboratdir.

“Bye-bye” Kuleba

Birdaniga besh nafar vazirlik darajasidagi rahbarlarning o‘z kursisini tark etishining o‘zi juda yirik tektonik o‘zgarish hisoblansa-da, bir qancha rasmiy va mustaqil manbalar bu hali faqatgina boshlanishi ekanligini ta’kidlayapti. Jumladan, “Ukrainskaya Pravda” nashri Prezident jamoasidagi manbalarga asoslanib, yaqin kelajakda hukumatda yana bir qator boshqa bo‘shatishlar ham tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, hukmron “Xalq xizmatchisi” partiyasi parlament fraksiyasi rahbari David Araxamiya o‘zining Telegram-kanalida Ukraina Vazirlar Mahkamasi xodimlarining 50 foizdan ortig‘i almashtirilishi va Vazirlar Mahkamasining yakuniy tarkibi shu hafta oxirigacha qayta tuzilishini hamda 4 sentyabr sanasi butun Ukrainada “ishdan bo‘shatish kuni” bo‘lishini ma’lum qildi. Shuningdek, u bu hafta “hukumatning juda keng ko‘lamda qayta ishga tushirilishi”ni ham va’da qildi. 4 sentyabr esa Araxamiya aytganidek, rostdan ham “ishdan bo‘shash yoki bo‘shatish kuni” bo‘ldi. Juda ko‘pchilikni hayron qoldirgan va deyarli hech kim kutmagan iste’fo sodir bo‘ldi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri va urush boshidan buyon nomi eng ko‘p tilga olinadigan shaxslarning eng oldi qatorida turgan Dmitriy Kuleba o‘z lavozimini tark etdi. Tegishli ariza Oliy Radaga yetkazilgan va spiker so‘zlariga ko‘ra ushbu ariza Radaning keyingi yalpi majlislarida ko‘rib chiqib, tasdiqlanadi. Kuleba Yevropa va Ukraina siyosiy maydonida kechagina ko‘rinish bergan shaxs emasdi. U diplomatik xizmatga 2003 yilda kirgan. 2016 yilda u Ukrainaning Yevropa Kengashidagi doimiy vakili, 2019 yilda esa Aleksey Goncharuk hukumatida Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritgandi. Dmitriy Kuleba 2020 yilning mart oyida 38 yoshida Tashqi ishlar vazirligini boshqarishni boshlagan va Ukraina tarixidagi eng yosh Tashqi ishlar vaziriga aylangan edi. 4 yillik boshqaruvdan so‘ng Kuleba mamlakat siyosatidagi eng muhim ustunlardan biri bo‘lgan Tashqi ishlar vazirligi rahbarligidan ketdi yoki ketkizildi. Chunki so‘nggi paytlarda uning Polsha yerlariga hududiy da’volari ochiqdan ochiq aks etgan kutilmagan bayonoti ommaviy axborot vositalari va bir qator siyosiy doiralarni hayratga solgandi. Shunday qilib, Kuleba endi Tashqi ishlar vazirligi rahbari emas va ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, TIV rahbari lavozimiga endi uning o‘rinbosari Andrey Sibiga tayinlanishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasidagi o‘zgarishlar armiyadagi kabi omadli keladimi?

3 sentyabrda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Prezident idorasi rahbari o‘rinbosari Rostislav Shurmani lavozimidan ozod etish haqidagi farmonni imzoladi. 1983 yilda Lvovda tug‘ilgan siyosatchi 2021 yildan buyon shu lavozimda ishlab kelayotgan edi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bularning barchasi hali boshlanishi va hafta oxirigacha Ukraina siyosiy elitasi juda katta tozalanish to‘lqini bilan yuzlashish ehtimoli yuqori. Bu vaziyatda bir qator xorijiy nashrlar Ukraina Vazirlar Mahkamasidagi kadrlar almashinuvi va ommaviy ishdan bo‘shatilish jarayoni Kiyevdagi bir qator amaldorlarni qo‘rquvga solayotgani haqida yozmoqda. Ularga ko‘ra, ba’zi amaldorlar bu harakatlar Zelenskiyning o‘z ma’muriyati ichida hokimiyatni mustahkamlash uchun jiddiy qadam ekanligidan xavotir bildirgan. Ammo Zelenskiy ma’muriyatining xabar berishicha, katta o‘zgarishlar Sharqda Rossiyaga qarshi pozitsiyalarni ushlab turish va Kursk viloyatidagi ustunlik va egallab olingan yerlarda mustahkam o‘rnashishga urinishlar fonida sodir bo‘lmoqda. Demak, ikki xil qarash mavjud. Kimlardir bu voqealar Zelenskiyning shaxsiy manfaati uchun qilinayotganini iddao qilsa, boshqalar urush holatidagi Ukrainaning milliy manfaatlari vaji bilan amalga oshirilayotganini ta’kidlamoqda. Biroq bu jarayon yil boshidagi Zalujniy keysini bir qadar yodga solyapti. Ko‘plab manbalar Ukraina armiyasi rahbariyati tarkibidagi keskin o‘zgarishlar Zalujniyning Zelenskiyga jiddiy raqib ekanligi va uning hokimiyatiga tahdid qilishi mumkin bo‘lgan katta xavf bo‘lganligi uchun amalga oshirilgani haqida gumon qilgandi. Biroq yangi tayinlovdan 6 oy o‘tib, bu o‘zgarish o‘z so‘zini aytdi va uning o‘rniga tayinlangan Sirskiy ma’lum ma’noda ishonchni oqladi. Endigi yangi tozalash to‘lqinining asl maqsad va natijasi qanday bo‘lishi esa faqat va faqat oliy hakam – vaqt hukmi ostida qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vladimir Zelenskiy Dmitriy Kuleba Aleksandr Kamishin Denis Malyus'ka Ruslan Strelets Ol'ga Stefanishina Irina Vereshuk Vitaliy Koval'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing