Ukraina Rostov-Dondagi neft terminalini bombardimon qildi (video)
Olam
−
12:46 946 2 daqiqa
Bugun, 10 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Rostov-Don shahriga Ukraina dronlari hujum qilishi oqibatida neft mahsulotlari terminalida yong‘in chiqdi. Hujum oqibatida olti kishi jarohatlandi, turarjoy binolari va temir yo‘l ko‘prigi shikastlandi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya hududlariga jami 560 ta Ukraina droni hujum qilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 9 oktyabr oqshomidan beri mamlakatning 16 ta hududi, anneksiya qilingan Qrim, Azov va Qora dengizlarida 560 ta dron tutib qolingan va yo‘q qilingan.
Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusarning ma’lum qilishicha, hudud osmonida 100 dan ortiq dron urib tushirilgan va harakatdan to‘xtatilgan. Rostov-Don shahrida bir nechta ko‘p qavatli va xususiy uylar shikastlangan. Hujum oqibatida olti kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda shifoxonada qolmoqda.
Shuningdek, temir yo‘l ko‘prigiga zarar yetgan. Bu sababli ko‘prik orqali poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan, biroq 10 oktyabr tongiga kelib qayta tiklangan.
Gubernatorning bildirishicha, Bataysk shahrida dron turar joy majmuasida odamlar yashamaydigan ko‘p qavatli binoga urilgan va yong‘in chiqqan. Azov shahrida esa ikkita kema shikastlangan. Kemalar bortida halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlar yo‘q. Gubernator hodisalarning boshqa tafsilotlarini keltirmagan.
“Astra” nashri ochiq manbalardagi videolar tahliliga tayanib, hujum Rostov-Don shahrining Jeleznodorojniy tumanida joylashgan Novoshaxtinsk neft mahsulotlari zavodining (NZNP) neft quyish terminaliga ham qaratilganini yozgan. Hodisa joyida kuchli yong‘in va portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan.
Yiliga qariyb 2,5 million tonna neft mahsulotini qayta yuklash quvvatiga ega ushbu terminal eksport uchun neft mahsulotlarini jo‘natishda foydalaniladi. “Astra” ma’lumotiga ko‘ra, ob’ekt Rossiya armiyasini yonilg‘i bilan ta’minlashda ham xizmat qiladi.
Moskva meri Sergey Sobyanin esa 10 oktyabr kuni ertalab Rossiya poytaxti tomon uchib kelayotgan 25 ta dron urib tushirilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Zaporoje shahriga bergan zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, besh kishi, jumladan, bir bola jarohatlangandi.
Live
Barchasi