Rossiya Zaporojeni bombaladi. Qurbon bor
Olam
−
12:17 545 1 daqiqa
Rossiyaning Zaporoje shahriga bergan zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, besh kishi, jumladan, bir bola jarohatlandi. Bu haqda “Ukrinform” xabar berdi.
Zaporoje viloyati davlat ma’muriyati rahbari vazifasini bajaruvchi Mixaylo Semikinning yozishicha, Rossiya harbiylari bugun, 9 oktyabr kuni ertalab shaharga olti marta zarba bergan.
Hujumlardan biri ko‘p qavatli uy yaqiniga, yana biri maktabdan tashqari ta’lim muassasasi yaqiniga tushgan. Zarba oqibatida bir erkak halok bo‘lgan. Dastlab ikki kishi jarohatlangani ma’lum qilingan, keyinroq jarohatlanganlar soni besh nafarga yetgani, ular orasida bola ham borligi bildirilgan.
“Dushman turarjoy hududiga hujum qildi. Zarbalardan biri maktabdan tashqari ta’lim muassasasi yaqiniga kelib tushdi. Barcha zarur tezkor xizmatlar voqea joyida ishlamoqda. Jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, deb yozgan Semikin.
“Ukrinform” xabariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda Rossiya samolyotlari Zaporojedagi ko‘priklarga ham zarba bermoqda. Bu hujumlar taktikasining o‘zgarishi va boshqariladigan aviatsiya bombalarining takomillashtirilgani bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Rossiyaning Ryazan viloyatidagi “Yandeks” kompaniyasiga tegishli ma’lumotlar markaziga dronlar bilan zarba bergandi. Hujum oqibatida yong‘in chiqib, markaz faoliyati to‘liq to‘xtatilgan.
Live
Barchasi