Ukraina Rossiyaning 2800 km ichkarisidagi zavodga zarba berdi

Olam

image

Rossiyaning Noviy Urengoy shahridagi sanoat ob’ekti Ukraina dronlari hujumiga uchradi. Bu haqda Yamal-Nenets avtonom okrugi gubernatori Dmitriy Artyuxov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoat ob’ektiga qilingan hujum qaytarilgan, biroq dron parchalarining tushishi yong‘inga olib kelgan. Halok bo‘lganlar va jabrlanganlar yo‘q. Rossiya Prezidentining Ural federal okrugidagi vakolatli vakili Artem Joga yong‘in yonilg‘i-energetika majmuasi ob’ekti hududida sodir bo‘lganini va uning xodimlari evakuatsiya qilinganini bildirgan. U sodir bo‘lgan voqeani Ural federal okrugining Arktika qismiga qilingan birinchi hujum deb atagan.

Taxmin qilinishicha, bu keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri nishonning chegaradan uzoqligi bo‘yicha Ukraina hududidan berilgan eng uzoq masofali zarba. OSINT-tahlilchilari hujum nishoni deb atagan zavod Ukrainadan taxminan 2800 km uzoqlikda joylashgan. Bu ilgari hujumga uchragan Omsk neftni qayta ishlash zavodidan (NQIZ) deyarli 500 km uzoqroqda. Dronning uchirilgan joyi hozircha noma’lum, shu sababli rekord haqidagi xulosa dastlabki taxmin bo‘lib turibdi. 

Joriy yilning iyul oyi boshida Omsk NQIZga berilgan zarbani Ukraina Maxsus amaliyot kuchlari keng ko‘lamli bosqin davridagi eng uzoq masofali zarba deb atagan. “Fire Point” kompaniyasi bosh konstruktori Denis Shtilerman iyul oyidagi zarba uchun FP-1 dronidan foydalanilganini aytgan. Noviy Urengoyga hujum qilgan dron turi hokimiyat organlarining rasmiy xabarlarida ko‘rsatilmagan.

“Dnipro Osint” loyihasining ma’lum qilishicha, Noviy Urengoydagi kondensatga transportirovkaga tayyorlash zavodi hujum nishoni bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Qurolli kuchlari Xarkov viloyatida Ukraina qo‘shinlarining harbiy texnikalariga dronlar orqali zarba bergani haqida xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing