Ukraina Rossiyaga zarbalarida Britaniya dronlaridan foydalana boshladi
Olam
−
11:23 943 2 daqiqa
Ukraina Qurolli kuchlari so‘nggi olti oy davomida ilk bor Britaniyada ishlab chiqarilgan dronlardan Rossiya hududi ichkarisidagi nishonlarga zarba berishda foydalandi. Bu haqda “The Sunday Times” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Britaniyaning ikki kompaniyasi ishlab chiqargan uchuvchisiz apparatlarini qabul qilgan. Ulardan biri yirik mudofaa kompaniyasi – BAE Systems tarkibiga kiruvchi Callen-Lenz firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan Nyan reaktiv droni hisoblanadi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ikkinchi kompaniya nomi oshkor etilmagan.
Qayd etilishicha, Nyan droni taxminan 240 kilometr masofani bosib o‘ta oladi. Ikkinchi dronning uchish masofasi esa qariyb 960 kilometrni tashkil etadi. U katapulta tizimi yordamida uchiriladi va dronlarni qisqa vaqt oralig‘ida ketma-ket havoga ko‘tarish imkonini beradi.
“The Sunday Times” bilan suhbatlashgan Ukraina Qurolli kuchlaridagi manbalar Britaniya dronlaridan amaliyotlarda foydalanilganini tasdiqlagan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu apparatlar yordamida Volgograd va Yaroslavldagi neftni qayta ishlash zavodlari, shuningdek, boshqa harbiy va sanoat ob’ektlariga zarbalar berilgan.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, dronlar nishonlari orasida neftni qayta ishlash zavodlari bilan bir qatorda Wildberries kompaniyasining omborlari ham bo‘lgan.
BAE Systems esa Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligiga Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlash doirasida turli vositalar va yechimlar yetkazib berayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina joriy yilning 15 avgust kuni Rossiyaning Samara viloyatidagi Roskosmosga qarashli Progress markazi, Savasleyka aerodromi hamda Ust-Lugadagi neft ob’ektiga Flamingo raketalari bilan zarba bergan edi. Ma’lumot uchun, Flamingo raketasi – Ukraina tomonidan ishlab chiqilgan, uzoq masofaga zarba berishga mo‘ljallangan qanotli raketa hisoblanadi.
Live
Barchasi