Ukraina Rossiya changalidan 64 askarni qaytarib oldi
Olam
−
14 dekabr 2022
5151Bugun, 14 dekabr navbatdagi almashinuv doirasida Ukraina Rossiya asirligidan 64 nafar askarini qaytardi. Bu haqda Prezident devoni rahbari Andrey Yermak Telegram kanali orqali ma’lum qildi.
“Yana mahbuslar almashinuvi. Biz o‘zimiznikilarni qaytarib olishda davom etamiz. Ukraina Qurolli kuchlarining Donetsk va Lugansk yo‘nalishlarida jang qilgan, xususan, Baxmut shahrini himoya qilishda qatnashgan 64 nafar askari uylariga qaytmoqda. Bular ofitserlar, oddiy askarlar va serjantlar, bizning qahramonlarimiz”, deydi Yermak.
Prezident idorasi rahbarining aytishicha, ular ukrainaliklar safida jang qilgan AQSH fuqarosi – Murekezi Suedini ham ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan. Jang maydonida qurbon bo‘lgan to‘rt kishining jasadi ham qaytarildi.
Mudofaa vazirligining aniqlik kiritishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining 59 nafar vakili, jumladan, to‘rt nafar ofitser hamda besh nafar hududiy mudofaa jangchisi ozod etilgan. Ulardan kamida 23 nafari jarohatlangan, ba’zilarining ahvoli og‘ir.
Jangchilarning eng yoshi kattasi 57 yoshda, eng kichigi 19 yoshda.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ozod qilingan askarlarning katta qismi dushman tomonidan frontning eng qiyin bo‘limlarida: Baxmut, Soledar, Zaysevo yaqinida va Donetsk va Lugansk viloyatlarining boshqa joylarida asirga olingan.
LiveBarchasi