Ukraina Rossiya bo‘ylab yirik operatsiya o‘tkazdi

Olam

image

Ukraina kecha, 1 iyun kuni Rossiya harbiy aerodromlariga uchuvchisiz uchoq yordamida amalga oshirilgan yirik hujum – “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasini o‘tkazdi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 1 iyun kuni kechki murojaatida operatsiyasida ishtirok etganlarga minnatdorlik bildirdi.

“Xavfsizlik xizmatiga, shaxsan general Malukga, shuningdek, operatsiyada ishtirok etgan barchaga rahmat. Operatsiyaga bir yarim yildan ko‘proq vaqt tayyorlandik. Rejalashtirish, tashkil etish, barcha tafsilotlar mukammal tarzda tayyorlangan. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, bu mutlaqo noyob operatsiya”, deb yozdi davlat rahbari ijtimoiy tarmoqlarda.

Ukraina Prezidenti, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi hududidagi operatsiyaning “ofisi” Rossiya viloyatlaridan biridagi Federal xavfsizlik xizmati qarorgohi yaqinida joylashganini, biroq “tinch aholi amaliyot arafasida Rossiya hududidan olib chiqib ketilganini, hozir ular xavfsiz” ekanini ta’kidladi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasida jami 117 ta uchuvchisiz uchish apparatlari va ularning tegishli sonidagi operatorlari “Rossiyaning turli hududlarida – uch vaqt zonalarida” ishtirok etgan.

“Biz Rossiya bu urushni tugatish zarurligini his qilish uchun hamma narsani qilyapmiz”, dedi Zelenskiy.

Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) “O‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi davomida Rossiya strategik aviatsiya samolyotlarining 34 foizi zarar ko‘rganini ma’lum qildi.

“Rossiyadagi asosiy aerodromlaridagi strategik qanotli raketa tashuvchilarning 34 foizi zarar ko‘rdi”, deyiladi UXX bayonotida.

Kiyevning hisob-kitoblariga ko‘ra, zarar ko‘rgan samolyotning taxminiy umumiy qiymati 7 milliard dollarni tashkil qiladi. Manbalar Rossiyaning 41 ta samolyotiga, jumladan, strategik A-50, Tu-95 va Tu-22M3 samolyotlariga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan. Kiyevga ko‘ra, ulardan muntazam ravishda Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun foydalanilgan. 

“Deutsche Welle” manbasiga ko‘ra, Irkutsk viloyatidagi Belaya, Ryazan viloyatidagi Dyagilevo, Murmansk viloyatidagi Olenya va Ivanovo viloyatidagi Ivanovo aviabazasiga hujum qilingan. Zarar ko‘rgan samolyotlar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlashning iloji yo‘q.

Rossiya Mudofaa vazirligi to‘rtta hududdagi, shuningdek, Amur viloyatidagi aerodromlarga hujum qilinganini tasdiqladi. Rossiya harbiylariga ko‘ra, hujumlar Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlarida qaytarilgan. Murmansk va Irkutsk viloyatlarida “bir nechta samolyot bo‘linmalari yonib ketgan”.

“Yong‘inlar o‘chirildi, harbiy xizmatchilar va fuqarolar orasida qurbonlar yo‘q”, deya davom etdi harbiylar shikastlangan samolyotlar soniga aniqlik kiritmasdan.

Amerikaning “Axios” nashri AQSH va Ukrainadagi noma’lum manbalarga tayanib, Kiyev AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini rejalashtirilgan hujum haqida xabardor qilmagani haqida xabar berdi. “Axios” dastlab Oq uy Ukraina harbiy amaliyoti haqida ogohlantirilganini ta’kidladi, biroq ko‘p o‘tmay bu xabarni tahrir qildi.

Amerikaning CBS telekanali ham avvalroq Vashington UXX operatsiyasi haqida bilmasligi haqida xabar bergan edi.

“Oq uy rasmiylari hujum haqida izoh berishdan bosh tortgan bo‘lsalar-da, ma’muriyatdagi manbalar yakshanba kuni CBS News telekanaliga Oq uy bunga tayyorgarlik ko‘rayotganidan bexabar ekanligini aytishdi”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing