Ukraina Roskosmos ob’ektiga Flamingo bilan zarba berdi (video)

Olam

image

Bugun, 15 avgust kuni Ukraina Rossiyaning Samara viloyatidagi Roskosmosga qarashli Progress markazi, Savasleyka aerodromi hamda Ust-Lugadagi neft ob’ektiga zarba berdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Zelenskiyga ko‘ra, Samara viloyatidagi Progress markazi Flamingo raketalari bilan nishonga olingan. Mazkur ob’ekt Ukraina chegarasidan taxminan 900 kilometr uzoqlikda joylashgan.

“Bugun biz aniq zarbalarimizning yangi muhim natijalariga ega bo‘ldik. Rossiyaning Samara viloyatida Roskosmosning muhim ob’ektlaridan biri, jumladan, elektronika ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Progress markaziga zarba berildi. Flamingo raketalari qo‘llanildi. Bu katta yutuq. Masofa chegaramizdan taxminan 900 kilometrni tashkil etadi”, degan Ukraina Prezidenti.

Uning qayd etishicha, Ukrainaning “uzoq masofali sanksiyalari” Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatidagi Savasleyka aerodromigacha ham yetib borgan. Zelenskiy mazkur aerodromda Rossiyaning Ukrainadagi shahar va qishloqlarga zarba berishda foydalaniladigan raketa tashuvchilari joylashtirilganini aytgan.

“Bu Ukraina hududidan taxminan 700 kilometr uzoqlikda. Shuningdek, Ust-Luga shahridagi neft ob’ektiga yetkazishimiz kerak bo‘lgan zarar yetkazilganini ham tasdiqladik. Bu ob’ekt chegaramizdan 800 kilometrdan ortiq masofada joylashgan”, degan Zelenskiy.

Davlat rahbari zarbalarni amalga oshirishda ishtirok etgan barcha bo‘linmalarga minnatdorlik bildirgan.

“Rossiyaga qarshi ushbu urush uchun ishlab chiqilgan “uzoq masofali sanksiyalar” rejamiz amalga oshirilmoqda. Rossiyaning urush salohiyatini kamaytirish muhim. Tinchlik kerak va bu Rossiyada muayyan nishonlarga yetkazilgan aniq zarar orqali sezilishi lozim”, deya ta’kidlagan u.

Ma’lumot uchun, Flamingo raketasi – Ukraina tomonidan ishlab chiqilgan, uzoq masofaga zarba berishga mo‘ljallangan qanotli raketa hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya kuchlarining bugun, 15 avgustga o‘tar kechasi Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatiga uyushtirgan hujumi oqibatida 3 oylik chaqaloq halok bo‘lib, yana 11 kishi jarohatlandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing