Ukraina poytaxti yirik raketa hujumiga uchradi
Olam
−
20 dekabr
9738Bugun, 20 dekabr kuni Ukraina poytaxti Kiyev va uning atrofidagi hududlar yirik havo hujumiga uchradi. Bu haqda RBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, poytaxt va unga yaqin hududlarda kamida oltita kuchli portlash haqida xabar berilgan. Borispil xalqaro aeroporti yaqinidagi omborxonada kuchli yong‘in kelib chiqqan. Oldinroq esa butun mamlakat bo‘ylab havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilingan.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, urib tushirilgan Rossiya raketalarining qoldiqlari poytaxtning to‘rtta tumaniga tushgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt bo‘ylab yong‘inlar davom etmoqda, ikki kishi jarohatlangan, issiqlik trassasi shikastlangan. Kiyev shahrining harbiy boshqarmasi (KGVA) rahbari Sergey Popkoning aytishicha, Goloseyevskiy tumanida bir kishi halok bo‘lgan.
"Dushman hujumi oqibatida Goloseyevskiy, Solomenskiy, Shevchenkovskiy va Dneprovskiy tumanlari vayronalardan to‘lib ketdi. Binolarning tomlarida yong‘inlar bor, avtomobillar ham yonmoqda. Goloseyevskiy tumanidagi issiqlik trassasi ham shikastlangan", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 18 dekabr kuni tunda Rossiya hududidan havo mudofaasi vositalari yordamida 84 ta Ukraina droni yo‘q qilingandi. Rostov viloyatidagi Novoshaxtinsk neft mahsulotlari zavodida dron hujumi oqibatida yong‘in yuz bergandi.