Ukraina NATOga a’zolik haqida unutishi kerak – Tramp
Olam
−
27 fevral
3721AQSH yetakchisi Donald Tramp Vashington Kiyevga qo‘shimcha xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmasligini, bu masalani Yevropaga topshirishini aytdi. Bu haqda u kecha, 26 fevral, kuni AQSH hukumatining birinchi yig‘ilishida so‘z ochdi.
“Men mavjud kafolatlardan tashqari yana qo‘shimcha kafolatlar berishni rejalashtirmayman. Biz bu masalani Yevropaga topshiramiz. Ammo, albatta, hammasining yaxshi kechishini ta’minlashga harakat qilamiz”, dedi Tramp.
Shuningdek, u Vashington Yevropa tinchlikparvar kuchlari Ukrainaga joylashtirilishi masalasida Yevropani qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini ma’lum qilib, urushni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lishiga ishonch bildirgan. U Rossiya tomoniga tinchlikka erishish uchun murosaga borish kerakligini ta’kidlagan.
“Biz har ikki tomon uchun ham foydali kelishuvga erishish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz”, dedi AQSH yetakchisi.
Tramp kelishuv Ukraina uchun “yaxshi” bo‘lishiga harakat qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Ukrainaga yo‘qotilgan hududlarning bir qismini qaytarib olishda yordam berishga urinadi, biroq bu murakkab jarayon bo‘ladi.
Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Ukrainaga NATOga a’zolik haqida “unutishi” kerakligini bildirgan. Uning fikricha, urush aynan Ukrainaning Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lishi masalasi tufayli boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy matbuot kotibi Karolina Livitt jurnalistlar bilan suhbatda Qo‘shma Shtatlar Ukraina resurslarini o‘zlashtirish bo‘yicha bitim tuzishda “marraga juda yaqin” ekanini, ammo hujjat Vladimir Zelenskiyning 28 fevral kuniga Vashingtonga rejalashtirilgan tashrifi vaqtida imzolanmasligi mumkinligini aytgan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

