Ukraina mahsulotlarini sotib olmagan davlatlarni sudga bermoqchi
Olam
−
18 Sentabr 2023
7344Ukraina Jahon savdo tashkilotiga Polsha, Vengriya va Slovakiyaga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qiladi, chunki bu mamlakatlar Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilish taqiqini bekor qilishdan bosh tortgan. Bu haqda Ukraina Iqtisodiy rivojlanish, savdo va qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, mamlakatning savdo vakili, Xalqaro don kengashi raisi o‘rinbosari Taras Kachka ma’lum qildi.
“Ushbu harakatlar qonuniy jihatdan noto‘g‘ri ekanligini isbotlash muhimdir. Shuning uchun ertaga biz sud jarayonlarini boshlaymiz”, deydi Kachka.
Unga ko‘ra, Kiyev Polshaning meva-sabzavot eksportiga qarshi javob choralarini ko‘rishga tayyor.
“Menimcha, butun dunyo Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar savdo hamkorlari va ularning ittifoqiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishini ko‘rishi kerak. Chunki bu boshqa davlatlarga ham ta’sir qilishi mumkin”, deya ta’kidlagan Ukraina savdo vakili.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 sentyabr kuni Yevropa Ittifoqi Ukrainadan bug‘doy, arpa, kolza va kungaboqar urug‘larini Polsha, Vengriya, Slovakiya, Ruminiya va Bolgariyaga eksport qilishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishga ruxsat bergandi. Biroq shundan so‘ng Polsha, Vengriya va Slovakiya Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirishga bir tomonlama taqiq qo‘ydi. Bu mamlakatlar hukumatlari o‘z dehqonlarining manfaatlarini himoya qilish uchun harakat qilayotganini aytdi. Ruminiya va Bolgariya esa cheklovlarni bekor qildi.
LiveBarchasi