Ukraina Kurskdagi 92 ta aholi punktini nazorat qilyapti – Zelenskiy
Olam
−
20 avgust
4341Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatidagi 1250 kvadrat kilometrdan ortiq hudud va 92 aholi punktini nazorat qilyapti. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 9 avgust kuni Ukrainaning xorijiy diplomatik muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari “bir operatsiyada eng ko‘p rossiyalik asirlarni olgan” va “Ukraina uchun ayirboshlash fondini to‘ldirish” davom etmoqda.
“Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari asosan bizning Sumi viloyatiga qarama-qarshi bo‘lgan Rossiya chegarasidan siqib chiqarildi”, deydi Zelenskiy.
Ukraina rahbarining ta’kidlashicha, bir necha oy oldin dunyoda ko‘pchilik Kursk hujumini noreal va “Rossiyada mavjud bo‘lgan barcha qizil chiziqlardan eng qizil chiziqlarini kesib o‘tish” deb hisoblagan bo‘lardi.
“Shuning uchun, aslida, bizning tayyorgarligimiz haqida hech kim eshitmagan. Faol profilaktik mudofaa – bu Rossiya terroriga qarshi eng samarali kurashdir. Rossiyaga nisbatan “qizil chiziqlar” deb ataladigan sodda, xayoliy konsepsiya bir kuni Sudja yaqinida qulab tushdi”, deydi Ukraina rahbari.
Zelenskiy agar Ukraina hamkorlari Rossiya Federatsiyasi hududida qurol qo‘llash bo‘yicha barcha cheklovlarni olib tashlasa, Kiyev Kursk viloyatida hujum uyushtirishi shart emasligini aytdi. Ukraina davlati rahbari Rossiya harbiy bazalari, aerodromlar, logistika va boshqa harbiy ob’ektlar Ukraina Qurolli kuchlari uchun “mutlaqo adolatli nishon” ekanligi haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, Ukraina Prezidenti Moskvaga qarshi “sanksiya qalqoni”ni kengaytirish zarurligiga ishonch bildirdi, bu Rossiya Federatsiyasining harbiy faolligini ta’minlaydigan yangi hududlarda cheklovlarni qabul qilishni o‘z ichiga oladi. Ukraina rahbari e’tiborni “soya tankerlari floti”, Moskvaning Tehron va Pxenyan bilan hamkorligiga, Rossiya atom sanoati va Rossiya bank sektorining global tuzilmalar bilan aloqasiga qaratdi.
Bundan tashqari, Zelenskiy ittifoqchilarning mamlakat harbiy-sanoat kompleksiga mablag‘ kiritishi zarurligini ta’kidladi.
“Biz davlat institutlarimizni modernizatsiya qilishimiz kerak, shunda ular barcha ukrainaliklarni Ukraina atrofida birlashtirishdek zamonaviy vazifaga javob beradi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, 6 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatida keng ko‘lamli hujum operatsiyasini boshladi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin birinchi marta xorijiy qurolli kuchlar Rossiya Federatsiyasi hududining bir qismini egallab oldi. 9 avgust kuni Rossiya hukumati Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida “aksilterror operatsiyasi rejimi”ni joriy qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumidan maqsad “bosqinchi hududida bufer zona yaratish” ekanini aytgandi.
LiveBarchasi