Ukraina qo‘shinlari Ugledarni tark etdi

Olam

image

Ukraina qo‘shinlari Donetsk viloyatining janubi-g‘arbidagi kuchli mustahkamlangan hududlardan biriga aylantirilgan Ugledar shahrini tark etdi. Rossiya qo‘shinlari “har qanday holatda ham shaharni nazorat qilish uchun” Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalarining mudofaasini zaiflashtirgan qanot hujumlarini amalga oshirish uchun zaxiralarni yubordi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari “Xortitsa” tezkor-strategik guruhining kecha, 2 oktyabr kuni e’lon qilingan xabarida aytiladi.

“Dushman harakatlari natijasida shaharni o‘rab olish xavfi tug‘ildi. Oliy qo‘mondonlik shaxsiy tarkib va harbiy texnikani saqlab qolish va keyingi harakatlar uchun pozitsiyani egallash maqsadida Ugledardan bo‘linmalarni olib chiqish uchun manyovr o‘tkazishga ruxsat berdi”, deyiladi xabarda.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ugledarning qo‘lga olinganini tasdiqlamadi. Vazirlikning 2 oktyabr kuni chop etilgan hisobotida Ugledarning qo‘lga olinishi haqida hech qanday gap yo‘q. Vazirlik Rossiya qo‘shinlari faqat Donetsk viloyatidagi Verxnekamenskoye qishlog‘ini nazoratga olgani haqida xabar berdi.

Bir kun avval Donetsk viloyati harbiy boshqarmasi boshlig‘i Vadim Filashkin rus qo‘shinlari Ugledar markaziga kirganini ma’lum qilgandi. Rossiya harbiy Telegram-kanallari rossiyalik harbiy xizmatchilarning shaharning turli hududlarida Rossiya bayroqlarini tikayotgani aks etgan videolarni joylashtira boshladi.

Qayd etish joizki, Ugledar uchun janglar ikki yildan ortiq davom etdi. Rossiya qo‘shinlari bir necha bor unga bostirib kirishga harakat qildi va bu jarayonda katta yo‘qotishlarga duch keldi. Urushdan oldin bir necha o‘nlab ko‘p qavatli binolardan iborat kichik shahar Ugledarda 15 mingga yaqin odam yashagan. Yaqinda, Ukraina rasmiylariga ko‘ra, u yerda 100 ga yaqin tinch aholi qolgan. Shahar qattiq vayron qilingan.

Mutaxassislar Ugledarning Rossiya qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olinishining mumkin bo‘lgan operatsion oqibatlarini turlicha baholamoqda. Urushni o‘rganish bo‘yicha Amerika instituti (ISW) avvalroq bu voqea jangovar harakatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi dargumon, chunki Ugledar transport markazi emas va Ukraina uning shimolida mudofaa chizig‘iga ega ekanini bildirgan. Boshqa sharhlovchilar esa Ugledarning qo‘lga olinishi Rossiya harbiylariga Donetsk-Mariupol temir yo‘lidan to‘liq foydalanishga yordam berishini ta’kidlamoqda. Rossiya harbiylari Donetsk viloyatining g‘arbiy qismidagi yana uchta shaharcha – Kuraxov, Selidov va Pokrovskga ham tahdid solmoqda.

Ukraina va Rossiya manbalaridan olingan xabarlarga ko‘ra, rus qo‘shinlarining bu yo‘nalishlarda sekin oldinga siljishi davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ugledar shahrining bir qismi 24 sentyabr kuni Rossiya Qurolli kuchlarining ko‘plab raketa tizimlari tomonidan o‘qqa tutilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Ugledar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made