Ukraina istiloga rozi bo‘lmasligi kerak – Aliyev
Olam
−
14 iyul 3107 2 daqiqa
Ukraina xalqi va mamlakat rahbariyati hududiy yaxlitlik masalasida o‘z pozitsiyalari bo‘yicha tashqaridan beriladigan maslahatlarga muhtoj emas. Ular istiloga rozi bo‘lmasligi kerak. Bu haqda kecha, 13 iyul kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev IV Shusha global mediaforumi doirasida ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonning Ukrainaga hamda Putinga qanday maslahatlar berishi haqidagi savoliga javoban so‘z ochdi.
“Ukraina xalqi va mamlakat rahbariyati maslahatlarga muhtoj emas. Ukraina hech qachon istiloga rozi bo‘lmasligi kerak va Kiyev bugun aynan shunday pozitsiyada turibdi”, deydi Ilhom Aliyev.
Aliyev uzoq vaqt davomida Ukrainaga jiddiy bosim o‘tkazilganini, biroq na xalq va na mamlakat rahbariyati o‘z hududining bir qismi bosib olinishiga rozi bo‘lmaganini qayd etgan.
Ozarbayjon Prezidenti, shuningdek, Rossiyaga maslahat berishni o‘rinli deb hisoblamasligini, lekin agar undan so‘rashsa, o‘z fikrini bildirishga tayyorligini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, u urushni to‘xtatish zarurligini anglab yetish ancha oldinroq yuz berishi kerak bo‘lgan degan ishonchini bildirgan.
Ilhom Aliyev Ukraina haqida gapirar ekan, Ozarbayjonning tarixiy tajribasiga tayangan. Ozarbayjon hududining bir qismi ham uzoq yillar davomida istilo ostida bo‘lgan, biroq yakunda mamlakat o‘z suverenitetini to‘liq tiklashga muvaffaq bo‘lgan.
U Qorabog‘ mojarosini hal qilish bo‘yicha muzokaralar jarayonini misol qilib keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, YeXHTning Minsk guruhi Armaniston nazorati ostida nafaqat Qorabog‘ni, balki Lochin va Kalbajar tumanlarini ham qoldirishni, Ozarbayjonga esa faqat bosib olingan beshta tumanni qaytarishni taklif qilgan.
“Bunday variantga na men va na Ozarbayjon xalqi hech qachon rozi bo‘lmasdik”, deydi Ozarbayjon Prezidenti.
U bu dunyoning uchta yetakchi yirik davlatining birlashgan pozitsiyasi bo‘lganini va unga qarshi turish juda qiyin kechganini eslatgan. Shunga qaramay, Ozarbayjon murosaga bormagan.
Ikkinchi Qorabog‘ urushi paytida ham mamlakatga hujumni to‘xtatish talabi bilan tashqaridan kuchli bosim o‘tkazilgan, ayrim davlatlar esa to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidlarga ham o‘tgan.
Ilhom Aliyev o‘z nutqi yakunida Ozarbayjonning o‘zgarmas pozitsiyasini yana bir bor tasdiqlagan.
“Ozarbayjon Ukrainaning hududiy yaxlitligini izchil qo‘llab-quvvatlaydi va bundan keyin ham ushbu pozitsiyada qat’iy turadi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Ukrainadagi Ozarbayjon elchixonasi va energetika infratuzilmasi hujumga uchragan edi. Keyinroq, Aliyev Ukrainadagi Ozarbayjon elchixonasi va energetika infratuzilmasiga Rossiya tomonidan qasddan hujum qilinganini aytdi.
Live
BarchasiToshkentdagi uyga o‘t ketdi
14 iyul