Ukraina elchixonasi o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi mamlakat fuqarolarini Ukrainada davom etayotgan urushda qatnashmaslikka va uning Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan hududlariga bormaslikka chaqirdi. Bu haqda elchixona rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Ukraina elchixonasi Rossiya urushda katta yo‘qotishlarga uchrayotgani, shaxsiy tarkibning yetishmasligi sababli urushga xorij fuqarolarini jalb qilayotganini bildirgan. Shunga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Rossiya tomonidan vaqtincha ishg‘ol qilingan Donetsk viloyatining Gorlovka shahrida joylashgan Rossiya harbiy bo‘linmalari tarkibida O‘zbekiston fuqarolari borligini aniqlagan. Ushbu shaxslar Ukraina chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan hududlarga qurilish ishlarini olib borish uchun kelgan. Mariupol shahriga yetib kelganidan so‘ng pasportlari olib qo‘yilgan va ular Rossiya ishg‘ol kuchlari safiga ko‘ngilli sifatida safarbar qilingan.

“Elchixona O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining e’tiborini ularning Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratadi. Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzda ishtirok etgan chet el fuqarolari Ukraina milliy qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Elchixona, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining e’tiborini Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlarida har qanday faoliyatda qatnashish uchun Ukraina davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratadi. Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlariga, shu jumladan qurilish yoki boshqa ishlarda ishtirok etish uchun noqonuniy ravishda kelgan chet el fuqarolari bosqinchilarning sheriklari deb hisoblanadilar va Ukraina qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.

Elchixona O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushida qatnashmaslikka va Ukrainaning Rossiya Federatsiyasi tomonidan vaqtincha bosib olingan hududlariga bormaslikka chaqiradi”, deyiladi Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, kecha amerikalik siyosatshunos Jeyson Jey Smart o‘zining Twitter'dagi sahifasida qurilish ishlari uchun jalb qilingan o‘zbekistonliklarning pasportlari olib qo‘yilgani va urushga “ko‘ngilli” sifatida yuborilganini yozgandi.


Maqola muallifi

Teglar

murojaat elchixona Ukraina o'zbekistonliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing