Ukraina droni Volgagraddagi neft zavodiga zarba berdi

Olam

image

Rossiyadagi Volgograd neftni qayta ishlash zavodiga uchuvchisiz samolyot hujum qildi va u urib tushirildi. Dron qulashi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda Volgograd viloyati gubernatori Andrey Bocharov ma’lum qildi.

“Volgograd onlayn” nashriga  ko‘ra, yong‘in  Krasnoarmeyskiy tumanidagi “Lukoyl-Volgogradneftepererabotka” zavodi hududida sodir bo‘lgan. Yong‘in maydoni 300 kvadrat metrga yetgan. Yong‘in o‘chirilgan. Hodisa oqibatida qurbonlar bo‘lmagan.

Belgorod viloyati rahbari Vyacheslav Gladkov Novooskol shahar okrugida havo hujumidan mudofaa tizimlari faollashtirilgani, dron qoldiqlari turarjoy binolari va transport vositalariga zarar yetkazganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Rostov gubernatori viloyatda qurbonlar yo‘qligini ta’kidladi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi 3 fevralga o‘tar kechasi bir qancha hududlarida yettita Ukraina dronini o‘qqa tutgani  va  yo‘q qilganini tasdiqladi. 

Bildirilishicha, Rossiya harbiylari Belgorod viloyatida to‘rtta, Volgograd viloyatida ikkita va Rostov viloyatida yana bir dronni urib tushirgan.

Qayd etish joizki, Volgograd neftni qayta ishlash zavodi Janubiy federal okrugdagi eng yirik neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchisidir. Zavodning quvvati 14,8 million tonnani tashkil etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar oyida Rossiyaning kamida oltita neft va gaz infratuzilma ob’ektlariga hujum qilgan Ukraina dronlarining zarbalari yirik neft kompaniyalari eksportiga zarba bergan. Bu yanvar oyida benzin eksportining 37 foizga, dizel yoqilg‘isi eksportining 23 foizga qisqarishiga olib keldi. Rossiya Energetika vazirligi buni neftni qayta ishlash zavodlaridagi "rejadan tashqari ta’mirlash" va ichki bozor ehtiyojlari bilan izohladi.

Eslatib o‘tamiz, 18 yanvarga o‘tar kechasi urush boshlanganidan beri birinchi marta Rossiyaning Leningrad viloyatiga dron uchirilgandi. O‘shanda mahalliy nashrlar qanotlarining uzunligi olti metrgacha bo‘lgan samolyot tipidagi dron Sankt-Peterburgdagi neft terminalini nishonga olganini yozgandi. 29 yanvar kuni esa Rossiyaning Yaroslavl viloyatidagi muhim infratuzilma ob’ektiga dron hujumi uyushtirildi. Viloyat gubernatori Slavneft-YANOS neftni qayta ishlash zavodiga hujumning oldi olinganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Volgograd dron hujumi neftni qayta ishlash zavodi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing