Ukraina doni ortilgan birinchi kema Istanbulga yetib keldi 

Olam

image

Kecha, 2 avgust kuni kechqurun Ukraina donini eksport qiluvchi birinchi “Ratsoni” yuk kemasi Istanbulga yetib keldi va langar tashladi. U Odessa portidan yo‘lga chiqqandi. Bu haqda “Euronews” Turkiya mudofaa vazirligiga tayanib, deya xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, kema bugun, 3 avgust kuni Qo‘shma muvofiqlashtirish markaziga a’zo bo‘lgan Turkiya, Rossiya, Ukraina va Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari tomonidan ko‘zdan kechiriladi. Ular ekipajning hujjatlarini va yukni, kemani tekshiradi hamda  yakuniy bayonnomani imzolaydi.

Shundan so‘ng, “Ratsoni” Bosfordan o‘tib, Tripoli (Livan) portiga yo‘l oladi. Kema u yerga Ukrainadan 26 ming tonna makkajo‘xori olib ketmoqda. Undan keyin 600 ming tonnaga yaqin don va neft olib ketuvchi yana o‘n beshta kema Ukrainaning uchta portini tark etishi kerak.

Ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, urush tufayli Ukraina haligacha 20 million tonnadan ortiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qila olmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.

Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi Istanbulda shartnoma tuzilganiga 24 soat to‘lmasdan, 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.

Ukraina TIV  hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing