Ukraina dollardan voz kechib, yevroga o‘tmoqchi

Olam

image

Ukraina jahon savdosining tarqoqligi va Yevropa bilan aloqalarni mustahkamlash fonida AQSH dollaridan yevroga o‘tish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat Milliy banki rahbari Andrey Pishniy “Reuters” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Pishniy bunday keskin burilishga bir qancha dalillar keltirgan. Birinchidan, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga potensial a’zoligi yevroni bazaviy valyuta sifatida tanlashni mantiqiy va asosli qiladi. Ikkinchidan, yevro global bozorlarda dollarga nisbatan yuqori qiymatga ega.

“Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish ehtimoli, Yevropa Ittifoqining Ukraina mudofaa qobiliyatini ta’minlashdagi rolining kuchayishi, jahon bozorlaridagi katta o‘zgaruvchanlik va jahon savdosining parchalanish ehtimoli Milliy bankni yevroni dollar o‘rniga Ukraina grivnasi uchun bazaviy valyuta qilish yoki qilmaslik masalasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda”, degan u o‘z nutqi davomida.

Ukraina milliy banki rahbari, shuningdek, Ukraina valyuta bozorining aksariyat segmentlarida yevrodagi operatsiyalar ulushi allaqachon o‘sib borayotganini ta’kidlagan.

“Bu ish murakkab va sifatli, har tomonlama tayyorgarlikni talab qiladi”, deya qo‘shimcha qilgan Pishniy.

Ukraina harbiy sa’y-harakatlarni ta’minlash uchun tashqi moliyalashtirishga umid qilmoqda. Milliy bank rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Kiyev bu yil 55 milliard dollar kutmoqda, ular nafaqat byudjet taqchilligini qoplaydi, balki yordam hajmi qisqarishi mumkin bo‘lgan kelgusi yillar uchun davlat moliyasi zaxirasini yaratish uchun ham ishlatiladi.

Ma’lumot uchun, Ukraina 1996 yilda grivnani joriy qilgan va o‘nlab yillar davomida dollarni asosiy valyuta sifatida ishlatgan.

2022 yil fevral oyida Ukraina Milliy banki kapital harakati ustidan nazorat o‘rnatgan va grivnani dollarga qattiq bog‘lagan, keyin esa byudjet nomutanosibligi to‘planib qolgani sababli devalvatsiya o‘tkazishga majbur bo‘lgan.

Eslatib o‘tmiz, Boltiqbo‘yi davlatlari, Fransiya, Chexiya, Buyuk Britaniya va Ukraina parlamentlarining tashqi ishlar qo‘mitalari raislari joriy yilning 25 aprel kuni qo‘shma bayonot chiqarib, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi borasida murosaga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidlagan edi. Bayonotda Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga kirish jarayonini tezlashtirish, Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini Kiyev foydasiga musodara qilish, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va uning “barcha sheriklari”ni harbiy jinoyatlar uchun shaxsan javobgarlikka tortish talablari ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

dollar evro Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing