Ukraina bilan muzokaralar Lukashenko tufayli boshlangan – Putin
Olam
−
12 aprel 2022
9173Ukraina bilan muloqotlarning jonlanishida Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko sa’y-harakatlarining o‘rni katta. Bu haqda bugun, 12 aprel kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Lukashenko bilan bo‘lgan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Belaruslik hamkasblarga o‘z hududida bir necha muzokaralar raundlarini yaxshi tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Ukraina tomoni bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni boshlash Belarus Prezidentining shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli bo‘ldi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko bugun, 12 aprel kuni amaliy tashrif bilan Rossiyaga bordi. Kun davomida u Putin bilan birga Amur viloyatidagi “Vostochniy” kosmodromi qurilishi bilan tanishdi. Ertaga, 13 aprel kuni Lukashenko Vladivostokda Primorsk o‘lkasi gubernatori Oleg Kojemyako bilan uchrashishni rejalashtirgan.
Avvalroq, Aleksandr Lukashenko Belarus ishtirokisiz Rossiya-Ukraina o‘rtasida muzokaralar olib borilishi mumkin emasligini aytgan edi.
“Belarus ishtirokisiz muzokaralar olib borilmaydi. Muzokaralarga G‘arb davlatlari jalb qilgani uchun, albatta, Belarusning pozitsiyasi ham bildirilishi kerak”, degan u.
Ma’lumot uchun, Belarusda Rossiya-Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida uch marta yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi, unda tomonlar tinch aholini jangovar zonalardan evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklarni ochishga kelishib oldi. Yana bir uchrashuv Istanbulda bo‘lib o‘tdi. U yerda Ukraina delegatsiyasi Rossiyaga tinchlik shartnomasi bo‘yicha yozma takliflarni topshirdi va Rossiya Kiyev va Chernigov yo‘nalishlarida harbiy faollikni kamaytirishga rozi bo‘ldi.
LiveBarchasi