Ukraina AQSHdan Rossiyaga qarshi elektron urushda yordam so‘radi
Olam
−
22 aprel 2021
5631Ukraina Amerika Qo‘shma Shtatlaridan Rossiyaga qarshi kurashish uchun elektron urush uskunalarini sotib olishda yordam so‘radi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba “Reuters” agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, vazir tegishli so‘rovni o‘tgan hafta AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda bildirganini ta’kidlagan. Kulebaga ko‘ra, Kiyev “Rossiyaning Ukraina aloqalarini to‘sish imkoniyatiga qarshi turish” uchun elektron urushga muhtoj.
Yaqinda Kiyev va G‘arb davlatlari Moskvaning Ukrainadagi tajovuzkor harakatlaridan xavotirda ekanligini bildirishdi. Xususan, Vashington “tajovuz” avj olgani va Rossiya qo‘shinlarining Qrim hamda Ukrainaning sharqiy chegaralarida harakatlanayotgani to‘g‘risida e’lon qildi.
Kreml ushbu bayonotlarga izoh berib, Rossiya o‘z ixtiyori bilan o‘z hududida qo‘shinlarni harakatga keltirayotganini ta’kidladi. Rossiya Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bu hech kimga tahdid solmaydi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Rossiya Ukraina bilan chegara va anneksiya qilingan Qrimda harbiylar sonini ko‘paytirib borayotgani, hozircha bu hududda 100 mingdan ortiq harbiy jamlangani haqida aytib o‘tgandi.
Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putinni Donbassga chaqirib, uchrashish taklifini berdi.
LiveBarchasi