Ukraina 100 yil ichida ilk bor po‘lat eritishni butunlay to‘xtatdi
Olam
−
14:59 462 2 daqiqa
Joriy yilning sentyabr oyida Ukraina metallurgiya sanoatida mutlaq antirekord qayd etildi. So‘nggi 100 yil ichida ilk bor mamlakat korxonalari bir tonna ham po‘lat eritmadi. Bu haqda Kiyevda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy barqarorlik forumida “Metinvest” xoldingi bosh direktori apparati rahbari Aleksandr Vodoviz ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, “erishilgan” nol ko‘rsatkich an’anaviy ravishda eksport va soliq tushumlarining asosiy ulushini shakllantirib kelgan davlatning butun po‘lat quyish tarmog‘i to‘xtaganini anglatadi.
Metallurgiya siklining to‘liq to‘xtashiga Rossiyaning sohaning asosiy ob’ektlariga bergan raketa zarbalari asosiy sabab bo‘lgan. Xususan, “Zaporojstal” metallurgiya kombinati va boshqa yirik po‘lat eritish zavodlari infratuzilmasining shikastlanishi ishlab chiqarish jarayonini falaj qilib qo‘ygan.
“Metinvest” xoldingi vakillarining bayonotiga ko‘ra, Ukrainaning deyarli barcha asosiy metallurgiya quvvatlari shikastlangan. Bazaviy sexlarning ishdan chiqishi va energetika infratuzilmasining shikastlanishi uzluksiz eritish siklini ushlab turishni imkonsiz qilib qo‘ygan.
Vodoviz zarur moliyalashtirish hajmi va taklif etilayotgan davlat qo‘llab-quvvatlovi o‘rtasidagi sezilarli tafovutni qayd etgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, rasmiylar “Metinvest”ga 2 dan 5 million grivnagacha miqdorda yordam taklif qilgan, vaholanki bitta sanoat pechining qiymati taxminan 500 million dollarni tashkil etadi, uni ishga tushirish xarajatlari esa 50 million dollarga baholanmoqda. “Metinvest” ixtiyorida esa beshta shikastlangan pech bor, Arcelor korxonasida esa ikkita.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya kuchlari Ukraina hududlariga hujum qilgani haqida xabar berilgan edi. Kiyevda zarba oqibatida 2 kishi halok bo‘lib, kamida 8 kishi jarohatlangan.
Live
Barchasi