Ukraina hozirgi taklifni rad etsa, keyingisi juda og‘ir bo‘ladi – Narishkin

Olam

image

Agar Kiyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning taklifini rad etsa, Rossiya Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini boshlash uchun yanada qattiqroq shartlarni ilgari suradi. Bu haqda Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin TASS agentligiga bergan tahdidli intervyusida ma’lum qildi.

“Tinchlikka erishish va qandaydir tinchlik bitimi imzolanishi mumkin bo‘lgan keyingi shartlar Ukraina uchun murakkabroq va qattiqroq bo‘ladi”, dedi Narishkin agentlikka bergan intervyusida.

Putin Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish shartlarini 14 iyun kuni Rossiya TIVning kengaytirilgan doiradagi yig‘ilishi chog‘ida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, agar Kiyev Rossiya armiyasi tomonidan bosib olingan to‘rtta hudud (Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaparoje)dan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib, NATOga qo‘shilish rejasidan voz kechganini e’lon qilsa, Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor.

Shuningdek, bu ultimatum ko‘rinishidagi “tinchlik taklifi”ga ko‘ra, G‘arb ham Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishi kerak. Putinning ta’kidlashicha, bu “haqiqiy tinchlik taklifi” bo‘lib, u urushni tugatish va bosqichma-bosqich Ukraina bilan “yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini” tiklash uchun dastlabki qadamdir.

Bundan tashqari, Rossiya Prezidenti Kiyev bilan hududiy murosaga tayyor emasligini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning bosib olingan viloyatlari Rossiya tarkibiga kirishi masalasi “abadiy yopilgan”.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bu taklifni ultimatum deb atadi va Putinning so‘zlariga ishonmaslikka chaqirdi. Zelenskiy idorasi rahbari Andrey Yermakning ta’kidlashicha, Kiyev o‘z sheriklari bilan kelishganidan keyin Moskvaga urushni tugatish rejasini taqdim etadi va shunda davlatlar muzokaralarni boshlashi mumkin. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga oid hech qanday murosa bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 15-16 iyun kunlari Shveysariyada o‘tkazilgan tinchlik sammitida Putinning so‘nggi ultimatumi hech qanday qiziqish uyg‘otmaganini aytgandi. Kulebaning nazdida Putinning taklifi shunchaki sammit arafasida o‘ziga xos PR to‘lqinini yaratish uchun ishlab chiqilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing