Ukraina havoda va dengizda o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilmoqchi
Olam
−
10 mart
579711 mart kuni Saudiya Arabistonida AQSH rasmiylari bilan muzokaralar chog‘ida Kiyev Rossiyaga havo va dengizda o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qiladi. Bu haqda bugun, 10 mart kuni ukrainalik rasmiyga tayanib, AFP xabar berdi.
“Bizda osmonda va dengizda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifimiz bor, chunki bular amalga oshirish va nazorat qilish oson bo‘lgan variantlar va biz ulardan boshlashimiz mumkin”, degan u anonimlik sharti bilan.
Shu bilan birga, rasmiy AQSH Kiyev bilan razvedka ma’lumotlari almashinuvini to‘xtatishda davom etsa, Rossiya jang maydonida “katta ustunlik” qo‘lga kiritishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
“Asosiysi – bu muddat. Agar pauza uzoqqa cho‘zilsa, bu ruslarga sezilarli ustunlik beradi”, deb tushuntirdi u.
Bir kun avval AQSH Prezidenti Donald Tramp Kiyev bilan razvedka ma’lumotlarini almashishni “har qanday daqiqada” qayta boshlashga tayyorligini aytdi.
Avvalroq “The Financial Times” gazetasi manbalariga tayanib, Ukraina delegatsiyasi Amerika vakillari bilan Jiddada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda qisman o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilishini, bunda uchuvchisiz uchoqlar va uzoq masofaga uchuvchi raketalardan foydalanishni taqiqlash, shuningdek, Qora dengizdagi harbiy amaliyotlardan voz kechish haqida xabar bergan edi.
O‘z navbatida, “Reuters” agentligining yozishicha, AQSH vakillari muzokaralarda Ukraina rasmiylari urushni tugatish uchun Rossiyaga hududiy yon berishlarga tayyor yoki tayyor emasligini aniqlash niyatida.
“Reuters” manbalaridan birining aytishicha, AQSH delegatsiyasi 28 fevral kuni Oq uyda Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janjaldan keyin Ukraina AQSH Prezident ma’muriyati bilan munosabatlarni yaxshilashga jiddiy yondashganiga ishonch hosil qilmoqchi.
LiveBarchasi