JSST missiyasi Uxanda “muhim dalillar” aniqladi

Olam

image

Koronavirus "o‘chog‘i" bo‘lgan Xitoyning Uxan shahriga yo‘l olgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari virusning kelib chiqishini o‘rganishda "muhim dalillar" topdi. Ular Xuanan dengiz mahsulotlari bozorida aniqlangan. Bu haqda 14 kishidan iborat JSST missiyasiga yordam berayotgan amerikalik zoolog Piter Dashak ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, olimlar Uxan virusologiya institutiga, Xuanan dengiz mahsulotlari bozoriga hamda yangi go‘sht, baliq va dengiz maxsulotlari sotiladigan shaharning eng yirik Bayshachjou bozoriga tashrif buyurgan. 

Bundan oldin esa JSST missiyasi Uxan shahridagi koronavirusning ilk bemorlari davolangan ikkita shifoxonada ham bo‘lgan. 

Unga ko‘ra, xalqaro missiyaga so‘nggi bir necha oy ichida o‘z tadqiqotlarini olib borgan xitoylik olimlar yordam bergan. 

“Biz har kuni ular bilan birga ma’lumotlarni ko‘rib chiqdik, so‘ngra muhim joylarga tashrif buyurmoqchi ekanimizni aytdik. Ular ro‘yxat so‘radi. Biz qayerga borish va kimlar bilan uchrashish borasida o‘z takliflarimizni berdik. Biz ro‘yxatimizdagi barcha joylarni o‘rganib chiqdik va ular bundan juda xursand bo‘ldi”, degan u. 

Olimning so‘zlariga ko‘ra, missiya delegatlari uch guruhga bo‘linib ishlagan. 

Olimning ta’kidlashicha, Xuanan bozorida o‘tkazilgan so‘rov davomida mutaxassislar “muhim ko‘rsatmalarni” topgan. 

“Oziq-ovqat bozori koronavirus yuqtirish holatlari aniqlangandan so‘ng darhol yopilganiga qaramay, u hali ham buzilmagan”, degan Dashak. 

Unga ko‘ra, oldin bozordan namunalar olgan xitoylik olimlar SARS-CoV-2 izlari topilgan joylarni aniqlagan. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislariga ham foyda keltirgan. 

“Endi biz o‘sha paytda bilmagan narsamizni bilamiz, ya’ni, kasallikni og‘ir turiga chalingan bemorlardan oldin ham, koronavirus bilan og‘riganlar bo‘lgan. Faqat ularda kasallikning hech qanday alomatlari kuzatilmagan yoki ularni oddiy shamollashdan farqlab bo‘lmagan. Shuning uchun shifoxonaga yotqizilgan bemorlardan tashqari boshqa kasallar ham bo‘lgani ajablanarli emas. Ammo yana qancha odam va u o‘zi qachon boshlangan? Bu, biz hali ham ustida ish olib borayotgan masala”, deb tushuntirgan zoolog.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viruslar “chigal daryolar” bo‘ylab tarqaladi va bu yo‘lni bosib o‘tish qiyin, shuningdek, u juda uzoq vaqt oladi. 

“Umid qilamanki, safarimizning oxirigacha bu borada aniq tushuntirish bera olamiz", degan Dashak. 

Eslatib o‘tamiz, JSST mutaxassislari 14 yanvar kuni Uxanga yetib kelgan. JSST missiyasi tarkibiga Rossiya, Avstraliya, Daniya, Germaniya, Keniya, Yaponiya, Gollandiya, Qatar, Sudan, Buyuk Britaniya, AQSH va Vetnamdan kelgan mutaxassislar hamda ularning Xitoydagi hamkasblari kiradi. 

Ma’lumot uchun, koronavirus “o‘chog‘i” bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida COVID-19 epidemiyasi 2019 yilning dekabr oyida boshlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

JSST koronavirus

Baholaganlar

1361

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing