O‘quvchilarga darslarga qatnashgani uchun ming dollargacha beriladi
Olam
−
21:23 1511 1 daqiqa
AQSHning Detroyt shahrida maktab o‘quvchilarini darslarga a’lo darajada qatnashgani uchun moddiy rag‘batlantirish dasturi uzaytirildi va kengaytirildi. Bu haqda “Chalkbeat Detroit” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, qoldirilmagan har bir o‘quv haftasi uchun yuqori sinf o‘quvchilariga nominali 100 dollar bo‘lgan elektron sovg‘a kartalari beriladi. Bir oy davomida intizomli o‘quvchi 400 dollar ishlab topadi, qishki 10 hafta uchun maksimal to‘lov esa 1 ming dollarga yetmoqda.
Moliyaviy rag‘batlantirish yuqori samaradorlikni ko‘rsatgan: 2026 yilning yanvar oyidan mart oyigacha 12 ming 800 ga yaqin yuqori sinf o‘quvchilari yoki okrugdagi jami yuqori sinf o‘quvchilarining 84 foizi pul mukofotlarini olgan. Natijada yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida darslarni surunkali qoldirish darajasi 64 foizdan 54 foizgacha kamaygan.
2026-2027 o‘quv yilida dastur 6–8-sinf o‘quvchilariga ham tatbiq etiladi. Ularga qoldirilmagan har bir hafta uchun 50 dollardan to‘lanadi.
Maktab okrugi 1 milliard 100 million dollarlik umumiy byudjetdan dars qoldirishga qarshi kurashish chora-tadbirlariga jami 13 million 900 ming dollar ajratgan.
Asosiy to‘lovlar an’anaviy ravishda yanvar-mart oylariga to‘g‘ri keladi, chunki bu davrda sovuq havo va mavsumiy kasalliklar sababli davomat tushib ketadi. Shu bilan birga, qoidalar avvalgidagidek qolmoqda: dushanbadan jumagacha uzrsiz sabab bilan qoldirilgan yagona dars ham joriy hafta uchun to‘lovni to‘liq bekor qiladi.
Live
Barchasi