O‘qituvchilarning oyligi 2 barobarga ko‘tarildi. Qozog‘istonda!
Olam
−
15 avgust 2025 7175 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hokimiyatga endi faqat bilimli va malakali insonlar kelishini, lavozim berishda ularning bilimi va kasbiy mahorati birinchi o‘ringa qo‘yilayotganini aytdi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 15 avgust kuni o‘tkazilgan “Bilim kelajagi – halol fuqaro, professional mutaxassis” mavzusidagi konferensiyasida so‘z ochdi.
Prezident konferensiyada o‘qituvchilarni “millat chirog‘i” deb atagan va ularning yosh avlod tarbiyasidagi ulkan xizmatini e’tirof etgan. U mustaqil va adolatli jamiyat qurishda ta’lim-tarbiya sohasining o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlagan. Davlat rahbari hokimiyatga endi faqat bilimli va malakali insonlar kelishini, lavozim berishda ularning bilimi va kasbiy mahorati birinchi o‘ringa qo‘yilayotganini qayd etgan.
To‘qayevga ko‘ra, 2019 yildan buyon ta’lim byudjeti uch barobarga oshgan, 1200 dan ortiq yangi maktab qurilgan, o‘qituvchilar maoshi ikki barobarga ko‘tarilgan. Yuzlab maktablar zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlanib, qishloq va shahar o‘quvchilari uchun imkoniyatlarni tenglashtirish ishlari davom etmoqda.
Prezident ta’lim sifatini oshirish, uni tarbiya bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarni narkotik, qimor, zo‘ravonlik, internetdagi zararli ta’sirlardan himoya qilish, maktablarni raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘quv dasturlariga kiritish zarurligini aytgan.
Shuningdek, o‘qituvchilarni ortiqcha ishlardan ozod qilish, ularning huquqlarini himoya qilish va nohaq javobgarlikka tortilishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligini ta’kidlagan. Davlat rahbari ustozlar jamiyatning eng hurmatli qatlamiga aylanishi uchun barcha choralar ko‘rilishini bildirgan. Nutq yakunida To‘qayev bir guruh pedagoglarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida farmon imzolagan va yangi o‘quv yilida barcha ustozlarga muvaffaqiyat tilagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ba’zi siyosiy yetakchilar ChatGPT sun’iy intellektidan foydalanib, nutqlarini yozayotgani haqida hazil qilgandi.
Live
Barchasi