O‘qituvchilarni majburan ishlatganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi
Jamiyat
−
02 mart 2023
3593O‘qituvchilarni majburiy mehnatga takroran jalb qilganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bu masala Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida muhokama qilindi.
Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonunga muvofiq endi pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun birinchi marta ma’muriy jazo qo‘llash, takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish belgilanmoqda.
“Ta’lim tashkilotining pedagog xodimini mehnatga ma’muriy tarzda qayta majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan (45 mln so‘m) ikki yuz baravarigacha (60 mln) miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik va ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda”, deydi Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov.
Mazkur qonun Senatorlar tomonidan muhokama qilinib, pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari davom etayotgani, pedagog xodimlar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun tuzilgan ko‘plab ishchi guruhlar tarkibiga asossiz kiritilayotgani, ulardan turli hisobot va ma’lumotlar talab etib kelinayotgani qayd etildi.
“Bundan tashqari, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish yoki qonunga xilof ravishda aralashish, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Bunda Kodeksdagi sanksiyalar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda”, deydi Senator Odiljon Iminov.
LiveBarchasi