O‘qituvchilardan “komissiya” uchun pul yig‘gan direktor ishdan ketdi
3-sahifa
−
28 fevral 2023
7946Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanidagi 21-sonli umumta’lim maktabi direktori P.A. Toshkent shahrida bo‘la turib, “komissiya uchun” degan bahonada o‘qituvchi va texnik xodimlardan 20 ming so‘mdan pul yig‘dirgani aniqlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 10 fevral kuni tumandagi 21-maktabning direktori P.A. topshirig‘iga asosan maktab o‘qituvchisi D.R. 16 nafar o‘qituvchidan 320 ming so‘m yig‘ib olib, direktorga bergan. Direktor P.A.ning o‘zi esa 18 nafar o‘qituvchidan 360 ming so‘m yig‘ib olgan. Yig‘ilgan umumumiy pul 680 ming so‘mni tashkil qilgan.
Maktab direktori P.A. o‘z ko‘rsatmasida ushbu pullar maktabdagi bannerlarni yangisiga almashtirish uchun yig‘ilganini, bu pullar amalda hech qayerga ishlatilmasdan, o‘qituvchilarga yana qaytarib berilganini aytgan.
Bir guruh o‘qituvchilar pullarning yig‘ilish sabablari haqida P.A. bergan ko‘rsatmalarni tasdiqlagan. Boshqa bir guruh o‘qituvchilar esa yig‘ilgan pullar kelgan komissiyani tushlikda ovqatlantirish bahonasida yig‘ilganini ma’lum qilgan.
Ushbu holat ortidan joriy yilning 24 fevral kuni maktab direktori P.A. o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shash haqida arizasiga asosan lavozimidan ozod qilingan.
“Hozirda tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda, natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi