O‘qituvchiga qo‘pollik qilgan YPX inspektori ishdan bo‘shatildi
Jamiyat
−
03 mart 2020
14571Farg‘ona viloyatida o‘qituvchiga qo‘pol munosabatda bo‘lgan Yo‘l patrul xizmati inspektori o‘z lavozimidan ozod etildi.
2020 yilning 11 yanvar kuni Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanidagi 22-umumta’lim maktabining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari I.Umarov maktabning yuqori sinf o‘quvchilarini harbiy poligonda bo‘lib o‘tayotgan “Ochiq eshiklar kuni”da ishtirok etish uchun olib bormoqchi bo‘ladi. “Oq-bilol” qishlog‘i hududida avtomobillar harakatini nazorat qilgan YPX inspektori I.Odilov o‘quvchilar ketayotgan Isuzu avtobusini to‘xtatib, tadbir sababli yo‘l yopilganligini ta’kidlaydi.
Shunda o‘qituvchi I.Umarov: “Menda ruxsatnoma bor, o‘tishim kerak”, deb zarur hujjatni ko‘rsatgan. Lekin YPX inspektori o‘qituvchini haqorat qilib, kamsitib, huquqlarini buzgan.
“Xalq ta’limi Vazirining Nazorat-huquqiy Xizmati tomonidan tizimda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilish maqsadida Farg‘ona tuman prokuraturasiga murojaat etilib, ijtimoiy tarmoqlardagi holat va o‘qituvchi I.Umarovning arizasi yuzasidan tekshirish o‘tkazildi”, deyiladi Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati bergan xabarda.
Natijada noqonuniy harakatlar sodir etgan IIB YHXB YPX 1-otryad 3-safarbarlik guruhi yo‘l-patrul xizmati inspektori safdor I.Odilov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
LiveBarchasi