Yilning so‘nggi qurboni yoxud o‘qituvchi – tekin mardikor(mi?)
Tahlil
−
09 yanvar 11556 9 daqiqa
Ular ehtimoliy yovuzlik va falokatlardan himoya qilishni ixtiyoriy-majburiy ravishda zimmasiga olishadi. Ular hamma pulga qilinadigan ta’mir ishlarini g‘irt tekinga bajarishadi. Ular har kuni soatlab tik oyoqda turib ishlashadi, hatto, ba’zida ulardan asosiy vazifasini bajarishdan tashqari xo‘jalik ishlarini ham “qotirib qo‘yish” talab qilinadi. Daraxt oqlashga ular, devor bo‘yashga ular… Shuncha ishni qilganidan keyin ota-onalardan gap eshitib, kaltak yeydigan ham o‘shalar. Juda jabrdiyda qilib ko‘rsatmaylik, onda-sonda bolalarni urib, muhokama markaziga chiqib qoladiganlar ham ular. Gap qaysi soha vakillari haqida ketayotganini anglash uchun soatlab o‘ylash shart emas. Jamiyatda obro‘si oshirilishi, maoshi ming AQSH dollarigacha yetkazilishi anchadan beri davlat siyosati darajasida ko‘rilayotgan o‘qituvchilar haqida yana bir bor gapirishga majburmiz bugun.
Bolasini ko‘tarib, maktabni qo‘riqlagan “posbonlar”
O‘tgan yilning 31 dekabrini ayrim istisno qilingan va asosiy vazifasi shuni taqozo etadigan kasb vakillaridan tashqari deyarli hamma oila davrasida, dam olishda yoki ziyofatda, qo‘yingki, hordiqda o‘tkazdi. Ammo Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi 37-maktab o‘qituvchilari qishki ta’tilda ham ishda edilar. Pedagog sifatida emas, qo‘riqchi vazifasida.
Ijtimoiy tarmoqlarda 37-maktab direktori tomonidan imzolangan buyruqqa asosan pedagog xodimlar 25 dekabrdan 6 yanvarga qadar (13 kun davomida) tun-u kun navbatchilikka majburlangani haqida xabarlar tarqaldi va tasdig‘ini topdi. Ularni bu ishga jalb qilish esa quyidagicha izohlangan: “maktab hududida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, muassasa jamoasi hamda o‘qituvchilarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash maqsadida”. Tarqalgan e’tirozli videoda ayol o‘qituvchi yosh bolasini qo‘lida ko‘targan holda navbatchilik qilayotgani aks etgan.
“Mana, biz bugun navbatchilikdamiz. 31 dekabr, yangi yil arafasida eski yilni kuzatib, yangi yilni kutib olamiz. Muxlisa qizi bilan chiqqandi, qizi uxlab qoldi. Navbatchilik qilgani o‘tiribmiz, mana. Soat 12 da kelganmiz, bizdan oldingilar keldimi yoki kelmadimi, bilmayman. Endi bu qonunlarimizda bormikan, bilmadim”, — deydi videodagi pedagoglardan biri.
Vaziyat yuzasidan bildirilgan fikrlarda pedagoglar navbatchilik qilmasa, dars soatlari olib qo‘yilishi bilan qo‘rqitilgani, shundan keyin ayol o‘qituvchilar kunduz payti, erkak xodimlar esa tunda “post”ga o‘tishgani aytildi.
Shu joyida ozgina mantiqqa suyanishni taklif qilamiz. Fantaziyangizni qiynamoqchi emasmiz, ammo bir tasavvur qilib ko‘ring. Ehtimoliy xavf va falokatlar oldini olish uchun navbatchilikka qo‘yilayotgan pedagoglar o‘quvchilari ta’tilda bo‘lgan maktab binosida xavfsizlikni qanday ta’minlashi mumkin? Ko‘z oldingizga keltiring, yovuz niyatli kimsalar turli sovuq qurollar bilan maktabga kirishga urinmoqchi deylik, majburlikdan zimmasidan tashqari ishga yosh bolasini ko‘tarib kelishdan boshqa chora topolmagan ayol va uning sherigi qanday himoyalanadi? Axir unga “o‘qituvchilarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash” vazifasi qo‘yilyapti!
Maktabdagi holat aks etgan video ommalashib, muhokamalar boshlangach, muammoga yechim berildi. Odatiy tarzda! 6 yanvar kuni viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining buyrug‘iga asosan 37-maktab direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi shaxs vazifasidan ozod etildi.
“Hurmatli ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari va foydalanuvchilaridan bitta maktabdagi jarayonni butun tizimdagi holat sifatida baholamasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabarida.
Boshqarma direktorni qurbon qildi
Eng qizig‘i keyin boshlandi. Farg‘onada o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikka majburlagan topshiriq aslida vazirlikdan berilgani ma’lum bo‘ldi. Bunday kutilmagan ochilish aynan videosi tarqalgan vodiydagi vaziyat sabab emas, Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining Termiz shahri va barcha tumanlardagi ta’lim tashkilotlariga yuborilgan xati ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilishi ortidan sodir bo‘ldi.
Aslida o‘qituvchilarni qo‘riqchiga aylantirish g‘oyasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliginiki ham deb bo‘lmaydi. Hatto, undan ham kattaroq tashkilot buyrug‘i ekanligi aytilgan. Bu haqida keyinroq! Hozir rasmiy buyruqning mazmuniga to‘xtalamiz. Unda xodimlarga 25 dekabrdan 5 yanvargacha o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotda 24 soatlik uzluksiz navbatchilik tashkil qilish va hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerakligi aytilgan. Tabiiyki, boshqarmalar o‘zi bo‘ysungan tizim talabini tuman-shahar bo‘limlariga, u yerdan esa maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, ya’ni bog‘chalarga yetkazgan. Demak, bundan kelib chiqadiki, yuqoridan kelgan buyruqni aytilganidek qilgani uchun ishdan bo‘shatilgan direktor shunchaki qurbon bo‘ldi.
Shu joyida Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning majburiy mehnatga buyurgan maktab direktorlari va majburiy mehnatga chiqqan o‘qituvchilar haqida aytgan gapini eslash mumkin. O‘tgan yilning 27 avgust kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan “Ustozlar milliy forumi” doirasida Turdimov quyidagicha fikr bildirgan:
“Birorta maktabda majburiy mehnat bo‘lsa, avtomatik tarzda direktori ishdan olinishi kerak. Shuningdek, majburiy mehnatga chiqqan odamni ham ishdan olish kerak. Chunki uni majburlab ishga chiqargan bo‘lsa… “chiq” desa, chiqib ketaversa, u qanday o‘qituvchi bo‘ladi?!”
Bu munosabat anchagacha turli muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Endi navbatchilik qayerdan paydo bo‘lganiga qaytamiz. Ommaga chiqib ketgan hujjat Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasidan shahar hamda tumanlarga yuborilganini ko‘rish mumkin. Ammo ushbu xatda ham Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025 yil 23 dekabrdagi 1682-XDFU-sonli xati ijro uchun yuborilayotgani aniq yozilgan. Ya’ni, buyruq vazirlikdan! Biroq o‘z navbatida vazirlik ham bunday qarorni havodan olmagani, ular Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga amal qilayotganini xatdan ko‘rish mumkin.
Ushbu xat Surxondaryo viloyatidagi vaziyatni ochiqladi, muhokamalar markazida esa Farg‘onadagi holat bo‘ldi. Bundan kelib chiqib bayram arafasidagi navbatchiliklar faqat Farg‘ona yoki Surxondaryoda emas, Respublika bo‘ylab barcha maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tashkil qilingan, deb taxmin qila olamiz. QALAMPIR.UZ jamoasi Vazirlar Mahkamasining aynan shu bayonining 28-bandida nimalar deyilganiga aniqlik kiritishga urindi. Biroq Lex.uz saytidan bu hujjat topilmadi.
Endi asosli savol: yuqoridan kelgan topshiriqni bajargani uchun ishdan olingan direktorning qismati nima bo‘ladi? Uni ishga tiklash kerak emasmi, mabodo?
O‘qituvchilar navbatchilik qilishi qanchalik qonuniy?
Amaldagi me’yoriy hujjatlarda pedagoglarni navbatchilikka jalb qilish borasida hech qanday norma belgilanmagan. Shuningdek, bu pedagoglarning lavozim majburiyatiga ham kirmaydi.
Chunki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2025 yil 16 maydagi 156-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim maktabi xodimlarining lavozim yo‘riqnomalarida ham pedagoglarni navbatchilikka jalb etish nazarda tutilmagan.
Shuningdek, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, pedagogni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish taqiqlangan. Ta’lim muassasalarida navbatchilik qilish esa pedagoglarning kasbiy faoliyatiga kirmaydi va buning uchun qo‘shimcha haq to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.
O‘qituvchilar “tekin mardikor maqomi”dan qachon qutuladi?
O‘qituvchilar yaqin yillargacha sentyabr oyidan to dekabrgacha asosiy vaqtini paxta dalalarida o‘tkazgani, qo‘lida bo‘r yuqi emas, chanoqdan tilingan izlar bo‘lgani, bo‘yniga bo‘yinbog‘ emas, etak ilgani hech kimga sir emas! Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan bu kabi ishlarga barham berildi. O‘qituvchining jamiyatdagi o‘rnini oshirish belgilandi.
Pedagoglar har yili “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanali bayramda alohida e’tirof etiladigan, ular uchun belgilangan ustama pullari oshiriladigan bo‘ldi. 2025 yilda ham 1 oktyabr munosabati bilan yo‘llangan tabrikda Shavkat Mirziyoyev navqiron avlodga ta’lim va tarbiya berishni “dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ish” deb atadi.
“Mana shunday quvonchli kunda siz, mehribon ustozlarga el-yurtimizning yuksak hurmat-e’tiborini yana bir bor izhor etib, barchangizga Yangi O‘zbekiston kelajagini yaratish yo‘lidagi mashaqqatli va sharafli mehnatingiz uchun chin qalbdan tashakkur bildiraman. O‘qituvchi va murabbiylik kasbini jamiyatimizdagi eng muhim va obro‘li kasbga aylantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz izchil davom ettiriladi”, dedi Prezident.
Prezident 2025 yil oxirida Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasi lingvistik tahlilida ham “ta’lim” so‘zi eng ko‘p takrorlangan so‘zlar qatorida bo‘ldi. Bu ham, aslida, ta’limda yo‘l qo‘yilgan xatolar va ularni takrorlamaslikka nisbatan da’vatni anglatadi.
Ammo vazirlik darajasida haligacha o‘qituvchilar mas’uliyati va vazifalaridan tashqari ishlarga jalb qilinishi holatlari kuzatilar ekan, ko‘zlangan maqsadlarga erishish vaqti ham cho‘zilaveradi.
“Kunlik navbatchilikni olib tashlolmaymiz” — vazirlik mulozimi
Vazirlik Farg‘onadagi vaziyat yuzasidan hali rasmiy bayonot bermadi. Ammo, 2023 yilning 1 avgustida maktablardagi navbatchilik masalasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida muhokama qilingan edi. Unda pedagoglar navbatchiligini qonun bilan taqiqlash masalasi deputatlar tomonidan ko‘tarilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining sobiq mulozimlari — sobiq vazir o‘rinbosari Dilshod Kenjayev hamda yuridik bo‘lim boshlig‘i Xurshid Asrorovlar so‘zga chiqib, maktablardagi navbatchilik masalasi bo‘yicha turlicha tushuntirishlar berishga harakat qilgan.
Ajablanarli tomoni, vazirlikning sobiq yuridik bo‘lim boshlig‘i Xurshid Asrorov pedagoglarning kunlik navbatchiligini olib tashlamaslik kerak, degan mazmunda taklif kiritgan o‘shanda.
“Mana maktablarda o‘qituvchilarning har birining dars soatlari belgilangan. Masalan, ertalab soat 8:30 da bolalar kelishini nazorat qilishda, ma’lum, darsi birinchi soatda bo‘lmagan o‘qituvchilar pastda bolalarning kelib-ketishi hamda ularning telefon bilan kirishi yoki formada kirishini nazorat qilishadi. Endi bu ham navbatchilik sifatida tatbiq qilinadi. Maktab faoliyatini nazorat qilishda baribir o‘qituvchilarning roli katta bo‘ladi. Agar hozir kunlik navbatchilikni ham olib tashlaydigan bo‘lsak, administratsiyaning o‘ziga quvvat yetmasligi mumkin. Shu munosabat bilan kunlik navbatchilik masalasini qonun loyihasidan hozir chiqarib tashlasak, to‘g‘ri bo‘ladi”, deydi Xurshid Asrorov.
Deputatlar navbatdagi mantiqqa mos keluvchi savolni berishgan: pedagoglar navbatchilik qilgani uchun ularga haq to‘lanadimi?
O‘sha vaqtda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan Dilshod Kenjayev javobi esa mutlaqo kutilmagan bo‘lgan edi. Sobiq vazir o‘rinbosari o‘qituvchilarning pedagogik yuklamasi mavjud ekanligini eslatib, navbatchilik qilish ham pedagogik yuklama tarkibiga kirishi, (!) shu sababli pedagog xodimlar sentyabrdan boshlab may oyigacha navbatchilik qilishlari kerak, degan mazmunda javob qaytargan.
“Pedagogik “nagruzka”, ya’ni pedagogik yuklama degan amaliyot bor. Ya’ni bu yerda o‘quv yuklamasi bor, u 20 soat bir stavkada ishlaydi va bundan tashqari uning pedagogik yuklamasi bor. Mana shu navbatchilik, ya’ni aynan o‘zining ish davrida, sentyabrdan boshlab may oyigacha uning o‘zining navbatchiligi bor. Lekin qonun loyihasiga kuz-qish kiritilayotgani shuni anglatadiki, yillar davomida issiqlik tizimi yoqilgan davrda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikka qo‘yilgan. Mana shu narsani bartaraf etish uchun bu norma kiritilyapti”, deydi u.
Ta’lim sohasida katta qadamlar tashlanyapti. Ishonch ortyapti. Ammo zamon shu darajaga yetib keldiki, bittagina qilingan xato butun tizimga bo‘lgan, amaldadorlar ko‘p takrorlaydigan islohotlarga nisbatan ishonchni kamaytirishi mumkin. Pedagoglarni kasbiy vazifasiga aloqasi bo‘lmagan ishlarga majburan jalb qilish qonunga ham, mantiqqa ham zid bo‘lib, butun tizimdagi mas’uliyatsiz yondashuvni ochib beradi. Bitta direktorning jazolanishi muammoni hal qilmaydi. Yuqoridan pastga tushayotgan noqonuniy topshiriqlar qayta ko‘rib chiqilmaguncha, o‘qituvchi “tekin mardikor” maqomidan qutula olmaydi.
Pedagog nima qilsin? Farzandi salgina yo‘tallab qolsa ham kelib, o‘qituvchining yuziga tupugi sachraydigan darajada baqiradigan ota-onalar bilan murosa qilsinmi? Kuchi yetmasligi aniq bo‘lgan ehtimoliy xavflar bilan kurashsinmi? Yoki “ertaning egasi” ekani aytiladigan bolalarga ta’lim bersinmi?
Ehtimol, mana shunday ortiqcha bosimlar ta’sirida maktablarda erkak o‘qituvchilar soni kamayib borayotgandir. Balki shu kabi asabbuzarliklar kasbga bo‘lgan mehrning yo‘qolishiga olib kelayotgandir. O‘quvchini urgan, o‘zaro janjallashgan, darsini yaxshi o‘tmayotgan ustozlarning holati ham yuqoridagi muammolar sabab charchagan asablarning belgisidir, ehtimol.
Dasturni umumiy xulosa bilan yakunlaymiz. O‘qituvchining bo‘ynida bo‘yinbog‘ tursin, kimningdir qo‘li emas. Ustoz bildirilgan ishonchni oqlasin, devor yoki daraxtni emas. Pedagog yoshlar ongini yot g‘oyalardan himoya qilsin, bo‘sh binoni emas!
Nurzodbek Vohidov
Live
Barchasi