O‘qishga ibodat libosida kelish taqiqlanadi – Milliy universitet xodimi ro‘molli qizlarga taqiq qo‘ydi

Jamiyat

0:00
0:00
download

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 2 aprel kuni O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dekani o‘rinbosari Ravshan Omonov talabalar bilan o‘tkazgan majlisda yozib olingan video tarqaldi. Unda xodim talaba qizlarga o‘ziga xos taqiq joriy qilganini ko‘rish mumkin.
 
Videodan ma’lum bo‘lishicha, Ravshan Omonov universitet hududiga ibodat libosida kirish taqiqlanishini va bunday talabalarni darsga qo‘ygan o‘qituvchiga ham chora ko‘rilishini aytib o‘tgan.

“Universitet hududiga ibodat libosida kirish taqiqlanadi. Ularni darsga qo‘ygan o‘qituvchiga ham chora ko‘riladi. Tashqarida qanday yurishingiz o‘zingizning ixtiyoringizda, lekin universitet hududiga kirganingizda ro‘molni orqa tarafdan o‘rashga majbursizlar. Agarda universitetning qonun-qoidasi sizlarga ma’qul kelmasa, oliygoh bilan shartnomani bekor qilib, shunga yo‘l beradigan boshqa OTMga o‘tishingiz mumkin”, deydi dekan o‘rinbosari.

Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng Ravshan Omonov o‘zining Facebook’dagi sahifasida ushbu holatni izohladi va ko‘p vaqt o‘tmay postni o‘chirib tashladi.

“Avvalo rizq Allohdan. Bu universitet ichki tartib-qoidalari va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-1-moddasi talabi bo‘yicha kechki ta’lim yo‘nalishida o‘qiydigan 1-kurs talabalari bilan o‘tkazilgan profilaktik suhbat va tavsiyaviy xarakterdagi ko‘rsatma bo‘lgan, xolos. Lekin, hech bir talabaga majburiy ravishda bu talablarga bo‘ysunish sharti qo‘yilmaganini ma’lum qilaman. Qolaversa, hech kim qizlarning ro‘mol o‘rashiga qarshi emas. Men topshiriq ijrochisiman. Ya’ni ichki tartib-intizom va kodeksni men ishlab chiqmaganman”, deb yozdi Omonov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

982

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing