O‘g‘irlangan bankir, qotilliklarga to‘la Andijon, Bakuga borgan Mirziyoyev, yahudiylarga ko‘rsatilgan hurmat – Hafta tahlili

Tahlil

Rossiya Ozarbayjon munosabatlari inqirozga yuz tutgan bir paytda O‘zbekiston Prezidenti Bakuga bordi. Andijonda ikki mudhish jinoyat sodir etildi. Surxondaryodagi qotillikning qurboni esa 71 yashar onaxon bo‘ldi. “Anorbank” rahbari Fransiyaga o‘g‘irlab ketildi. Hafta davomida sodir bo‘lgan shu va boshqa mahalliy xabarlar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’da Hafta voqealari tahlili.  

“Anorbank” rahbari Fransiyada o‘g‘irlab ketildi

O‘zbekistondagi “Anorbank” rahbari 48 yoshli Qahramonjon Olimov Fransiyada o‘g‘irlab ketildi. Voqea joriy yilning 23 iyun kuni sodir bo‘lgan esa-da, uning isi shu haftaga kelib chiqdi.  

Gap shundaki, Olimov Parij shahrida o‘g‘irlab ketilgan va Nitssa shahri yaqinidagi bir yerto‘lada ushlab turilgan. Uning ozod qilinishi uchun esa tovon talab qilingan. Belgilangan pul miqdorining ma’lum qismi amalga oshirilganidan so‘ng, u qo‘yib yuborilgan.  

O‘zbek bankiri ozod qilingach, darhol shifoxonaga murojaat qilgan. Tibbiy tekshiruvdan so‘ng tanasida ko‘plab jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. 

Olimov 23 iyun kuni Parijga biznes uchrashuv uchun borgan bo‘lgan. Shuningdek, tashrif davomida notariusdan real mulk sotib olish, Fransiyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashish va Sofitel Arc-de-Triomphe mehmonxonasida to‘qqiz kecha qolishni rejalashtirgan.  

Uchrashuvdan so‘ng Olimovni kimdir kuzata boshlagan. U Parij ko‘chalarida ushlangan va maxfiy ravishda Nitssa yaqinlaridagi bir villaning yerto‘lasida saqlanib, unga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llanilgan.  

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay gumondorlarning biri qo‘lga olingan, unga “guruh bo‘lib shaxsni o‘g‘irlash” aybi qo‘yilgan. Qolganlarini esa qidirish ishlari davom etmoqda.  

QALAMPIR.UZ holat bo‘yicha izoh olish uchun bank bilan bog‘landi. “Anorbank” rasmiysi shunday hodisa ro‘y berganini tasdiqladi va Olimov ozodlikka chiqish uchun o‘z shaxsiy pullarini ishlatgani, bankka omonot qo‘ygan mijozlarning puliga zarar yetmaganini bildirdi.  

Olimovning o‘zi va bank hozircha holat bo‘yicha yanada to‘liqroq bayonot bergani yo‘q, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot organlari orqali Fransiyadagi hamkorlar bilan ushbu voqea yuzasidan qo‘shma harakatlar olib borilayotgani yo yo‘qligi haqida ham aniq  ma’lumotlar mavjud emas.  

O‘zbekistondagi bankdan 90 ming dollar o‘g‘irlandi

Banklardan uzoqlashmaymiz. Qozog‘istonning “Halyk Bank”iga tegishli bo‘lgan O‘zbekistondagi “Tenge Bank” hisobidan 90 ming AQSH dollari o‘g‘irlandi.  

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 18 iyun kuni Yashnobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i nomiga “Tenge Bank” chakana xizmatlar ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i ariza bilan murojaat qilgan.  

U o‘z arizasida noma’lum shaxslar tomonidan 90 ming dollar miqdorida pul mablag‘lari talon-toroj qilingani haqida xabar qilgan. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida shu kunning o‘zida bir necha shaxslar bank kassasiga mijoz sifatida borib, bank kartasida mavjud 90 ming dollarni naqdlashtirish maqsadida postterminalga yolg‘on axborot kiritish yo‘li bilan pullarni olib ketgani aniqlangan. 

Zudlik bilan tezkor-texnik tadbirlar amalga oshirilib, ushbu xatti-harakatlarni sodir etgan jinoiy guruhning barcha a’zolari qo‘lga olingan.  

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 12 dona telefon apparati, postterminal, 9 dona bank kartalari, 1 mln 670 ming so‘m va 36 495 dollar ashyoviy dalil sifatida olingan. Jami 9 nafar shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan. 

Andijonda inspektor pichoqlab o‘ldirildi

Tugayotgan haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri Andijonda 65 yoshli fuqaro profilaktika inspektorini pichoqlab o‘ldirgani bo‘ldi. Gap shundaki, 1 iyul kuni  Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori chaqiruv vaqtida pichoqlandi va vafot etdi. 

Inspektorga soat 20:50 larda Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahallasidagi xonadonda janjal bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan. Hudud profilaktika inspektori katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev mahalla raisi bilan birga voqea joyiga yetib borgan. 

Ma’lum bo‘lishicha, 65 yoshli fuqaro Yunusali Xolbozorov mast holda o‘z oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid solayotgan bo‘lgan. Fuqaroni zararsizlantirish jarayonida Xolbozorov qo‘lidagi pichoq bilan katta leytenant Abduvaliyevning ko‘krak qismiga zarba berib, qochib ketgan. 

Olgan jarohati oqibatida ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan Abduvaliyev shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan. 

Ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qilar ishni qilib, qochib qolgan shaxsni topish esa uzoqqa cho‘zilmadi. U mahalla qabristonidagi makkapoyaga yashiringan bo‘lib chiqdi va oradan 3 kun o‘tib, 4 iyul kuni qo‘lga olindi. Biroq, otaxon o‘zini huquq-tartibot organlari xodimlari qo‘liga shunchaki topshirishni istamadi. Qo‘lga olish jarayonida u o‘zining qorin qismiga pichoq bilan jarohat yetkazgan hamda birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib borilgan. 

Shuningdek, tugayotgan haftada Andijonda yana bir mudhish jinoyat sodir etildi. Andijon shahrida erkak janjal oqibatida turmush o‘rtog‘ini yo‘lning o‘rtasida qasddan o‘ldirib ketdi.  

Ijtimoiy tarmoqlarda ayolning qonga belangan holda yo‘lda yotgan videosi tarqaldi.  

Ushbu qotlillikka qo‘l urgan erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tadbirlar jarayonida erkak Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Ko‘makay mahallasi hududida tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar tomonidan aniqlanib, qo‘lga olingan. Hozirda u protsessual tartibda qamoqqa olingan bo‘lib, tergov-surishtiruv harakatlari davom etmoqda. 

Shu hafta Surxondaryodagi sodir etilgan dahshatli qotillikning qurboni esa 71 yoshli momo bo‘ldi. U 1 iyul kuni tongda o‘z uyida qotillik alomatlari bilan o‘lik holda topildi. Viloyatning Denov tumani “Buyuk kelajak” mahallasida yashovchi 1954 yilda tug‘ilgan ayol bosh qismidan 4 marta pichoqlangan.  

Gap shundaki, momoning uyida u bilan vaqtinchalik yashab kelayotgan nevarasi uni uyg‘otmoqchi bo‘lib kirganida momosi jasadi bosh qismida tan jarohatlari bilan topilgan. 

Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, uni fosh etish choralari ko‘rilmokda. Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bunday mudhish voqealarni eshitib kishida aniq bir savol tug‘iladi: bu hodisalarning sababi to‘qchilikmi, yo‘qchilikmi yo ilmsizlik? Sizningcha, sabab nima?  

Markaziy bank kredit beruvchi tashkilotlarni ogohlantirdi

Yo‘qchilik, odamlar qo‘lidan pul qochishi haqida gap ketganda so‘nggi yillarda oddiy odamlarning oxirini o‘ylamay olgan kreditlari ko‘pincha ularni boylik tomon emas, balki yanada qashshoqlikka yetaklayotganini aytish o‘rinli. Kredit manbasini, qanday to‘lashni o‘ylamay, olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim qabilida olingan kreditlar nafaqat uni olganlarni, balki bergan bank xodimlarini ham sarson bo‘lishiga olib kelmoqda. Boshqa tomondan kreditlarni undirishning oson yo‘llari paydo bo‘lgan. Kredit olgan yoki kreditga biror buyum sotib olgan shaxsning bank kartalarida pul ko‘ringudek bo‘lishi bilan banklar qarzdorlikni so‘ndirish uchun ularni yechib oladi. Kredit to‘lovchining uyida ro‘zg‘ori, noni, choyi, kartoshka-piyozi bor-yo‘qligi bilan ularning ishi yo‘q. Markaziy bank ham tugayotgan haftada aynan shu masalada kredit tashkilotlariga murojaat bilan chiqdi.  

Markaziy bank fuqarolarga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarni kredit bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida akseptsiz usulda yechib olinishini adolat tamoyillariga zid va insofsiz amaliyot sifatida baholadi.  

Qayd etilishicha, Markaziy bankka kelayotgan murojaatlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga davlat tomonidan ajratilayotgan nafaqa va moddiy yordam mablag‘lari fuqarolarning bank kartalariga tushgandan so‘ng, kredit tashkilotlari tomonidan kredit bo‘yicha qarzdorliklarni so‘ndirish uchun avtomatik tarzda yechib olinishi holatlari kuzatilmoqda. 

Aholining zaif qatlamiga to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalar – kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqalar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalar va shu kabi boshqa moddiy yordam pullari davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy himoya mablag‘lari hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasiga muvofiq, davlat mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlarini himoya qiladi. 

Shuningdek, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida shartnomaga iste’molchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan. 

Shu munosabat bilan, barcha kredit tashkilotlariga: 

  • ichki tartiblar va avtomatik undiruv tizimlarini qayta ko‘rib chiqish orqali ijtimoiy to‘lovlarni akseptsiz ravishda qarz to‘lovlariga yo‘naltirish imkonini cheklash; 
  • bunday holatlar bo‘yicha fuqarolardan shikoyat kelib tushgan taqdirda, undirishni to‘xtatishi va yechib olingan mablag‘larni fuqaroga qaytarib berish choralarini ko‘rishi lozimligi eslatilgan.  

Shu o‘rinda yana bir narsani eslatib o‘tish o‘rinli. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kredit olish, uni rasmiylashtirish juda osonlashdi. Uni masofadan turib, telefondagi dasturlar orqali amalga oshirish mumkin. Hatto, sizning shaxsiy ma’lumotlaringizdan foydalangan holda, uzoqdan turib ham sizning nomingizga, ammo umuman boshqa kartaga kredit olish imkoni mavjud. Bu esa tovlamachi va firibgarlar uchun anchayin qo‘l kelmoqda. Meni o‘zimga ham o‘zini go‘yo Ichki ishlar organlari xodimi sifatida tanishtirib, shaxsiy ma’lumotlarimni so‘rab qo‘ng‘iroq qilganlar ko‘p bo‘ldi. Maslahatim telefon orqali suhbatlar va internetdagi dasturlarda boshqalarga shaxsiy ma’lumotlaringiz, jumladan, kartangizga oid ma’lumotlarni berishda ehtiyot bo‘ling.  

800 dan ortiq odam avtomobil olaman deb chuv tushdi

O‘zbekistonliklarning asosiy orzu-havasi hamon avtomobil va yetti mahalla eshitadigan to‘y bo‘lib qolyaptiki, birgina avtomobil sotib olish uchun qayta va qayta chuv tushsa ham odamlarning ko‘zi ochilmayapti.  

Tugayotgan haftada past foizda avtomashina yetkazib berishni va’da qilib, odamlar to‘lagan pullarni o‘zlashtirib yuborgan shaxslar ushlandi.  

Ma’lum qilinishicha, bir guruh fuqarolar 6-12 foizda avtomashina sotib olish niyatidagi fuqarolarga istalgan turdagi avtomashinani yetkazib berishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot olib borgan. Shuningdek, ushbu fuqarolar Toshkent shahri va Andijon, Namangan, Farg‘ona, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari hamda Nukus shahrida “Umid avto companies”, “Umid Savdo Fayz Invest”, “Umid Avto Lizing”, “Umid Auto”, “Group Of Companies Ual”, “Umid Avto-Tashkent”, “Orient Auto”, “Umid Lizing Tashkent”, “Orient Avto-Lizing”, “Umid Auto Leasing”, “Group Of Orient Auto”, “Imkon Auto Xizmati”, “Umid Avto Companies”, “Busines Orientauto”, “Umid Auto Xizmati”, “Orient Auto Hamkor”, “Imkon Avto Markaz”, “Avtovariant”, “Ava Orientauto”, “Ava Umidavto”, “Avto Ijara Hizmati”, “Umid Auto Business Tashkent”, “Ilgor Lizing” va “Orient Finans Lizing” kabi MCHJlarni tashkil etib, mijozlar bilan dastlab bo‘nak (avans) shartnomalarini tuzgan holda, 120 kun mobaynida avtomashina yetkazilishini va’da qilib, shartnoma shartlarini bajarmasdan, fuqarolardan kelib tushgan mablag‘larni o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib kelgan. 

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a”,“v” bandlari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 843 nafar fuqaro jabrlanuvchi deb topilgan bo‘lib, umumiy 50,1 mlrd so‘m zarar aniqlangan. Jamiyatlarga tegishli 339 dona transport vositalari xatlangan. Ishga aloqador 9 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Hozirda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashrapov boshchiligida tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda maxsus tezkor shtab tuzilgan bo‘lib, IIV Transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti binosida har kuni soat 09:00 dan 21:00 ga murojaatlar qabul qilinmoqda.  

Xatirchi hokimi Isroildan kelgan yahudiylarga dasturxon yozdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi Umidjon Adizovning xorijda istiqomat qiluvchi Buxoro yahudiylarini izzat-ikrom bilan kutib olib, ularga dasturxon yozgani aks etgan video tarqaldi va katta muhokamalarga, e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan tuman hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi. 

Unda aytilishicha, Xatirchi tumaniga kelgan xorijlik yahudiylar qachonlardir o‘zlari, ota-bobolari yashab o‘tgan diyorning tarixiy-madaniy merosini o‘rganish, ajdodlar qadamjolarini ziyorat qilish, O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan.  

“Tuman hokimining ushbu mehmonlarni kutib olgani xalqimizga xos mehmondo‘stlik va bag‘rikenglikning yaqqol ifodasidir”, deyilgan hokimlik munosabatida. 

Tarmoqlarda sizdirilgan videoda hokim Adizov ular uchun eshiklar doimo ochiq ekani, ular hammavaqt qadrlanishini qayta-qayta ta’kidlagan. Tuman rahbari turizm, iqtisodiyot singari sohalarda faoliyat yuritish uchun ularga keng imkoniyatlar berilishini aytgan. 

Mirziyoyev Ozarbayjonga bordi

Ozarbayjon-Rossiya munosabatlari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bir paytda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bakuga bordi va Prezident Ilhom Aliyev tomonidan katta hurmat bilan kutib olindi. Mirziyoyev muloqotlarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixda hech qachon bugungidek yuksak darajada bo‘lmaganini e’tirof etdi. Oxirgi vaqtlarda bunday e’tirof odatda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik nomidan AQSH-O‘zbekiston munosabatlarining bugungi ahvoliga nisbatan yangrayotgan edi.  

Tashrif davomida Prezidentlar ishtirokida Baku shahrida “O‘zbekiston” bog‘i qurilishiga start berildi va O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi yangi binosi ochildi. 

O‘zbekiston Ozarbayjonning Armaniston tomonidan 30 yil davomida mustamlaka qilib kelingan Qorabog‘ni qaytarib olishda qo‘llab-quvvatlab kelgan sanoqli davlatlar qatorida. Rasmiy Toshkent Qorabog‘ning qaytarilishini adolat tiklanishi deya e’tirof etadi va Qorabog‘ning tiklanishiga o‘z hissasini qo‘shib keladi. Qorabog‘da O‘zbekiston nomidan maktab ham barpo etilgan. Islom Karimov davrida Baku bilan munosabatlar o‘ta past darajaga tushib qolgan Toshkentda oxirgi yillarda aloqalar jadallik bilan rivojlanmoqda. Mamlakatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri va Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi tuzilmalar doirasida hamkorlikda jadallashtirgan. Qolaversa, O‘zbekiston Ozarbayjon tashabbuskori bo‘lgan O‘rta yo‘lakni qo‘llagan va undan eng ko‘p manfaatdor tomonlardan biri.  

O‘rta yo‘lak, ya’ni Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi nomi bilan ham tanilgan, an’anaviy Shimoliy va Janubiy yo‘nalishlarni chetlab o‘tib, Osiyo va Yevropani bog‘lovchi xalqaro transport yo‘nalishidir. Xitoy, Qozog‘iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali o‘tadi va u yerdan Yevropaga o‘tadi. Ushbu yo‘lak orqali tashilayotgan O‘zbekiston yuklari hajmi 25 foizga – 1 million tonnadan ziyodga oshgan.  

Tashrif doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etish uchun Xonkendi shahriga bordi. U yerda davlat rahbari birinchi marta Afg‘oniston muvaqqat hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi. Biroq, O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan xabarda Barodar Afg‘oniston muvaqqat hukumati emas, balki Afg‘oniston hukumati Bosh vaziri o‘rinbosari sifatida qayd etilgan.  

Savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb jihatlari muhokama qilingan. 

O‘zbekiston yetakchisi chegaraoldi savdo va tegishli infratuzilmani yanada rivojlantirish, qazib chiqarish, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida, qurilish materiallari tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidlandi. 

Strategik muhim mintaqaviy loyiha – Transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish zarurligi qayd etildi. 

Mirziyoyev Aliyev hamrohligida Ag‘dam shahridagi “Imorat” tarixiy-me’moriy majmuasiga bordi. Mehmonlar orasida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Turkiyadan boshqa hech bir davlat tomonidan tan olinmagan Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar ham bor edi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi hech bir mamlakat tomonidan tan olinmagan bo‘lsa-da Turkiy davlatlar tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega. 

3-4 aprel kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi birinchi sammitida Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari Yevropa Ittifoqi bilan imzolangan deklaratsiyada Birlashgan Millatlar Tashkilotining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalarini tasdiqlab, Shimoliy Kipr Turk Respublikasini tan olmaslik va u bilan har qanday shaklda hamkorlik qilmasliklarini tasdiqladilar. Bu esa Turkiyada katta rezonansni keltirib chiqardi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasini doimiy ravishda qo‘llab keladigan va Turkiy davlatlar tashkiloti hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomini olishida asosiy tashabbuskor bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Markaziy Osiyo davlatlarining bu qaroriga munosabat bildirmadi. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar esa Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro tuzilmalar va davlatlar bilan munosabatlarda o‘z manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilishlarini to‘g‘ri tushunishini, ammo yunonlar bilan munosabatlarda ehtiyot bo‘lishlari kerakligini aytib chiqdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasining nafaqat qardosh davlatlarda, balki butun dunyoda tan olinishiga hissa qo‘shmoqchiligini bildirdi. Shu ma’noda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi prezidentining Xonkendida o‘tkazilgan madaniy tadbirda Markaziy Osiyoning ikki davlati – O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari qatoridan joy olishi va Qorabog‘ tulporlari ishtirokidagi "Zafar" nomli madaniy dasturda Shimoliy Kipr Turk Respublikasining ham bayrog‘i ko‘tarib chiqilishi Aliyevning va’dasi tomon bosgan ilk qadami bo‘ldi.  

Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ilgari surgan takliflar xususida alohida dastur tayyorlangan.  


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Surxondaryo Gruziya Frantsiya Turkiya Evropa O'zbekiston Buxoro Ozarbayjon Ilhom Aliev Parij Andijon Rajab Toyib Erdo'g'an Baku Armaniston Mirziyoev Qorabog' Ag'dam Anorbank Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Ersin Tatar Qahramonjon Olimov Umidjon Adizov Transafg'on Markaziy Osiyo-Evropa Ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing