UFC'da shov-shuv ko‘targan o‘zbek Toshkentga qaytdi
Sport
−
15 Oktabr
11022UFC’da shov-shuv ko‘targan o‘zbekistonlik jangchi Ramazon Temirov 15 oktyabrga o‘tar kechasi kechki vaqtda Toshkentga qaytdi. Samolyot tungi soat 01:20 da aeroportga qo‘ngan bo‘lsa ham, Temirov va jamoasining samolyotdan tushib, yaqinlari va muxlislari bilan uchrashishi bir necha soatga kechikdi. Nihoyat, soat 4:00 dan o‘tganidan keyin Ramazon Temirov chiqish yo‘lagida ko‘rinish berdi. Harbiy orkestr tomonidan chalingan musiqa sadolari ostida Temirovni yaqinlari, san’atkor-u sportchilar va OAV qarshi oldi.
27 yoshli jangchining OAVga bergan intervyusida u debyut jangigacha biroz hayajonlanganini, ammo jang boshlanganidan keyin barchasi ortda qolganini bildirdi.
Qayd etish joiz, Temirov UFC’dagi debyutida 3 raundlik jangga tayyorlangan bo‘lsa ham yakunda bahsni uzoq cho‘zib o‘tirmasdan, amerikalik tajribali raqibini oktagon bo‘ylab quvib yurdi va ketma-ket og‘riqli zarbalardan keyin birinchi raunddayoq g‘alabaga erishdi, Temirovning yorqin g‘alabasi uchun unga jang uchun gonorardan tashqari, bonus sifatida 50 ming dollar taqdim etildi. Debyutdagi yorqin ishtirokdan so‘ng Temirov -57 kg vaznda UFC reytingida 83-o‘rindan kuchli yigirmatalikka kirishni uddaladi. Bu degani Ramazonning kelgusi janglaridagi raqibi ancha kuchli va jiddiy bo‘ladi.
Temirov debyutidagidek yorqin janglar o‘tkazib tursa, qisqa vaqt ichida o‘z vaznida chempionlik kamari uchun jang qilishi mumkin. Shuningdek, uning UFC bilan shartnoma tuzgani kelgusida uning ukasi yana bir MMA ustasi Azizbek Temirovga ham aralash yakkakurash olamidagi eng nufuzli ligaga yo‘l ochadi.
Ramazon Temirov endi o‘zbek sportining yangi yulduzlaridan biri. Bilamizki, O‘zbekistonda yulduz sportchilarga alohida e’tibor qaratilib, ularga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etiladi. Temirovga esa Toshkent shahridan ikki xonali uy kaliti topshirildi. Jangchi esa sovg‘ani bugungi kunga yetib kulgunicha eng ko‘p hissa qo‘shgan inson, otasiga tuhfa qildi.